2023 yilning 26-28 aprel kunlari o`tkaziladigan mazkur xalqaro forum Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Kommunikasiyalar bo`yicha boshqarma tashabbusi bilan tashkil etildi.
Unda turkiy tilli davlatlar ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan jurnalist va kolumnistlar ishtirok etmoqda. Simpozium ishida o`zbekistonlik jurnalistlar ham qatnashyapti.
Tadbirning ochilish marosimida so`zga chiqqan Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Kommunikasiyalar bo`yicha boshqarmaning bo`lim mudiri O`g`uz Gyoksu xalqaro forumning turkiy dunyoda integrasiya g`oyalari keng quloch yozayotgan davrda o`tayotgani ahamiyatli ekanini bildirdi. Uning ta`kidlashicha, dunyo xalqlari, shu jumladan, turkiy xalqlar murakkab axborot oqimiga guvoh bo`lmoqda. Yolg`on axborotning shakllari ko`paymoqda, tarqalish geografiyasi kengaymoqda. Bunday shiddatli vaziyatda turk dunyosining jurnalistlari va kolumnistlarining bir davra atrofida yig`ilib, zamonaviy tendensiyalarni muhokama va tahlil qilishi maqsadga muvofiq.
Simpoziumda "Yangi asrda dunyo tartibining shakllanishi", "Yangi yuzyillikda OAV" kabi mavzularda muhokamalar bo`lib o`tmoqda.
Shuhrat Oripov, Istanbul