Bolalar muzeylari zavq va xursandchilik manbai

07.04.2023 17:29

Ma`lumotlarga ko`ra birinchi bolalar muzeyi 1899 yilda Amerikada qurilgan. Hozirda esa ko`plab yirik shaharlarda bolalarni qiziqtiruvchi va tabiatning turli hodisalari haqida sodda tushunchalar beruvchi bunday maskanlar mavjud. Bruklin, Parij, London, Moskva, Vena, Zalsburg, Stokgolm, Berlin, Boston, Istanbul, Barselonadagi bolalar muzeylari turli shakl va ko`rinishlar orqali bolalarga zavq va xursandchilik baxsh etib keladi. 

Istanbuldagi bir qator muzeylar ham bolalarning madaniyat, san`at, texnologiya va tarix haqidagi tushunchalarini kengaytirib, butun oila uchun qiziqarli lahzalarni yaratadi. Bu erdagi bolalar muzeylarida bolalar bayramiga alohida tayyorgarlik ko`riladi. 

1994 yilda ochilgan Rahmi M. Koch muzeyi Istanbuldagi noyob muzeylar sirasiga kiradi. Oltin shox sohilidagi Hasko`yda joylashgan muzey Turkiyaning transport, sanoat va aloqa tarixiga bag`ishlangan yagona yirik muzeyidir. Muzey klassik avtomobillar, birinchi tramvaylar, qayiqlar, antiqa samolyotlar, paroxodlar va penni-fartings (ilk velosiped turlari) aks ettirilgan eksponatlar bilan o`tmishga unutilmas sayohatga imkon beradi. 

Shuningdek, tashrif buyuruvchilar ilmiy ixtirolar va uskunalarga bag`ishlangan bo`limlarda o`z ufqlarini kengaytirishlari mumkin. Muzey kolleksiyasida Mustafo Kamol Otaturkning shaxsiy buyumlari ham bor.

Rahmi M. Koch muzeyida muntazam ravishda bolalar uchun turli tadbirlar va mahorat darslari tashkil etiladi. Istanbul O`yinchoqlar muzeyi ham bolajonlarga zavq berishga mo`ljallanib rang-barang o`yinchoqlar bilan boyitilgan. Bu muzeyda shoir va yozuvchi Sunay Akin tomonidan yigirma yil davomida 40 dan ortiq mamlakatlardagi antiqa do`konlar va auksionlardan to`planib taqdim qilingan o`yinchoqlar to`plami mavjud. 

Muzey eksponatlari 1700 yillardan hozirgi kungacha bo`lgan o`yinchoqlar tarixining eng mashhur namunalarini o`z ichiga oladi. Bu ota-onalar va bolalarga dunyo tarixini qiziqarli va esda qolarli tarzda o`rganish imkoniyatini beradi. Istanbuldagi ushbu o`yinchoqlar muzeyi butun dunyo bo`ylab “Bolalar va o`yinchoq muzeylari ittifoqi”ning tashkil etilishiga asos solgan bo`lib, Istanbulga “o`yinchoq muzeylari poytaxti” unvonini berilishiga sababchi bo`ldi. Bolalar tomonidan sevilgan yana bir muzey esa Onado`lida tarix davomida hukmronlik qilgan sivilizasiyalarning me`moriy merosini birlashtirgan Miniatyurk muzeyidir. 

2003 yilda “Katta mamlakatning kichik modeli” shiori bilan tashrif buyuruvchilar e`tiboriga havola etilgan Miniaturk, Turkiyaning eng muhim asarlarining 1/25 o`lchamli maketlari namoyish etilgan noyob muzeyidir. Karvonsaroylardan majmualargacha, masjidlardan to cherkov va sinagogalar, qadimiy binolaru saroylargacha bo`lgan 137 ta me`moriy asarlarning miniatura maketlari Turkiyaning san`at va me`morchiligini namoyish etadi.

Miniaturkga tashrif - bu turk tarixiga g`oyibona sayohatdir! 

Aslini olganda, bolalarni sehr va illyuziya hamisha diqqatini tortgan. Optik illyuziyalar, gologrammalar, illyuzion tunnellar va tashrif buyuruvchini teskari ko`rinishga olib keladigan, barcha yoshdagi mehmonlarga qiziqarli tajribalarni taqdim etadigan mohirona tarzda ishlab chiqilgan xonalar... 

Istanbul illyuziyalar muzeyi bolalarga interaktiv va qiziqarli sayohatni taklif qilsa, ko`rgazmalar o`zining idrok qilish hiylalari bilan bolalarning tasavvurlarini rivojlantirishga ham hissa qo`shadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар