S.Umurzakov Mo`ynoqda kazino qurish rejasini tasdiqladimi?

28.01.2021 16:59

Jurnalist Esimkan Kanaatov, tegishli hujjatlarga asosan Mo`ynoq cho`lida O`zbekistonda taqiqlangan, tavakkalchilikka asoslangan qimor o`yini – Kazino qurilishi rejalashtirilayotgani haqida “Ishonch” nashrida mulohaza yuritdi.

Unga ko`ra, “Qoraqalpog`iston Respublikasi Mo`ynoq tumanida alohida maqomga ega turistik-ko`ngilochar zonasini tashkil etish bo`yicha chora-tadbirlar" rejasi ya`ni yo`l xaritasiga asosan O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari – Investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov tomonidan Mo`ynoqda kazino qurilishi tasdiqlanmoqda.

Yo`l xaritasida, Mo`ynoq tumanida alohida maqomga ega turistik-ko`ngilochar zonasini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo`yicha Ishchi guruhi tasdiqlangan. Ishchi guruh tarkibiga O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari S.Umurzakov, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.Sariev, O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisining birinchi o`rinbosari A.Akkulov, Bosh prokuror o`rinbosari A.Mavlonov va boshqalar kiritilgan.

Mazkur hujjatda ishchi guruhga xorijiy davlatlarning tavakkalchilikka asoslangan o`yinlar, kazino va shu turdagi boshqa o`yinlarni tashkil etish bilan bog`liq qonun hujjatlarini hamda amaliy tajribani o`rganish belgilangan.

Shuningdek, ishchi guruhga tavakkalchilikka asoslangan o`yinlarni tashkil etish bilan bog`liq milliy qonunchilikni inventarizasiya qilish ham topshirilgan.

“Yo`l xarita” bandlarida kazino biznesini elektron va real ko`rinishda tashkil etish va shu kabi tavakkalchilikka asoslangan o`yinlarda ishtirok etish, pul o`rniga maxsus jetonlar, fishkalar va boshqa to`lov uslublarini qo`llash bo`yicha qoidalarni tasdiqlash bo`yicha normativ-huqukiy hujjat ishlab chiqish ham nazarda tutilmoqda. 

“Tavakkalchilikka asoslangan o`yinlarni tashkil etish va o`tkazishni davlat tomonidan tartibga solish to`g`risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish ham e`tibordan holi qoldirilmagan.

“Qoraqalpog`iston Respublikasining Mo`ynoq tumanida alohida maqomga ega bo`lgan turistik-ko`ngilochar zona tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish ham alohida belgilangan.

Demak, O`zbekistonda ilk bor kazino va shu kabi tavakkalchilikka asoslangan o`yin zonalari Mo`ynoqda tashkil qilinishi haqiqatga yaqin, deya mulohaza qiladi jurnalist Esimkan Kanaatov.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар