Xodimlari kam maosh olishi bilan muhokamalar markaziga chiqib turuvchi madaniyat uylari, madaniyat tizimi va turizm sektorining ayni paytdagi rahbarlari kimlar?
2022 yil oxirida hukumat tarkibi o`zgartirilishi fonida Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Madaniyat vazirligi birlashtirilgandi. Mazkur ikki vazirlik o`rnida bugun Madaniyat va turizm vazirligi faoliyat yuritmoqda.
Quyi tizimidagi madaniyat xodimlari kam maosh olishi bilan tez-tez muhokamalar markaziga chiqib turadigan hukumat organi tepasida ayni paytda Ozodbek Nazarbekov va uning uch o`rinbosari turadi. Vazirlik matbuotining bildirishicha, Ozodbek Nazarbekovga tez orada to`rtinchi o`rinbosar ham tayinlanishi kutilmoqda.
Madaniyat va turizm vaziri - Ozodbek Ahmadovich Nazarbekov
49 yoshli vazir, O`zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov 7 mayda Andijon viloyati, Shahrixon tumanida tug`ilgan. U har yili bir necha bor kutilmagan chiqishlari bilan muhokamalar markaziga tushib qoladi.
Jumladan, 2021 yilda Ozodbek Nazarbekov vazirlik xodimlarining do`ppi kiyib ishlashga chaqirgani bilan og`izga tushgandi, mazkur voqea o`sha yili «do`ppi kiyish kampaniyasi» tarzida yil muhokamalaridan biriga aylangan. 2022 yilda esa jurnalist vazirdan Ukrainadagi vaziyatga pozisiyasini so`raganda «Uyga kelsangiz, qulog`ingizga aytib beraman», deya javob berishi munozaralar markaziga chiqqan edi. U hozirgi amaliga kelguncha 2008-2017 yillarda O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari ashula-raqs ansambli xonandasi, «Yoshlar» telekanalining bosh prodyuseri vazifalarida ishlagan. 2018—2020 yillarda — O`zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o`rinbosari, 2020 yil 22 yanvardan — O`zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri etib tayinlangan.
2022 yil so`ngidan boshlab, Madaniyat va turizm vaziri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Shuningdek, 5 farzandning otasi Ozodbek Nazarbekov 2022 yilda ijtimoiy tarmoqlarda o`g`lining nikohi munosabati bilan o`tkazgan dabdabali to`yi bilan ham og`izga tushgan edi.
***
Ulug`bek Ahmadovich A`zamov-Madaniyat va turizm vazirining birinchi o`rinbosari
Ulug`bek A`zamov (1981 y. t.) — 2002 yilda Buyuk Britaniyaning Surrey universitetini «Xalqaro turizm menejmenti va mehmondo`stlik» yo`nalishi bo`yicha tamomlagan. Turli yillarda BMT Taraqqiyot dasturi doirasida faoliyat yuritgan, O`zbekistonning Turkiyadagi elchixonasida maslahatchi bo`lgan. 2019 yil sentyabrda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi o`rinbosari etib tayinlangan, 2021 yil aprelida turizm va sport vazirining birinchi o`rinbosari sifatida ish boshlab, 2022 yil aprelida vazirlik ikkiga ajratilgach, turizm va madaniy meros vaziri o`rinbosariga aylangandi, bir oy o`tar-o`tmas, may oyida Prezident administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktorining o`rinbosari etib tayinlangan.
***
Ahmedov Bahodir Majidovich - Madaniyat va turizm vazirining o`rinbosari
1973 yil Toshkentda tug`ilgan Bahodir Ahmedov Madaniyat vazirligining quyi tizimlari - tuman bo`limida badiiy rahbar, tuman bo`limi mudiri, Toshkent shahar boshqarma boshlig`i o`rinbosari, Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig`i vazifasini bajarishdan tortib tizimning eng yuqori lavozimlarigacha, "O`zbeknavo" rahbari, vazir o`rinbosari, vazir darajasigacha ko`tarilgan amaldorlardan. 2017 yil boshida Madaniyat va sport ishlari vazirligi faoliyati tugatilganidan so`ng vazirlikdan ketadi va bir muddat Toshkent viloyati hokimining o`rinbosari lavozimida ham ishlagan. O`tgan yil ohiridagi hukumatdagi islohotlardan avval madaniyat vazirining birinchi o`rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.
***
Madjidov Murodjon Abdullaevich Madaniyat va turizm vazirining o`rinbosari
U ham ma`muriy islohotlardan "eson-omon" o`tib olgan amaldorlardan. Murodjon Majidov 2022 yilning mart oyidan sobiq madaniyat vazirining o`rinbosari lavozimida ishlagan. Undan avval Vazirlar Mahkamasida mas`ul xodim sifatida faoliyat yuritib kelgan.
***
Ma`lumot uchun, hozir madaniyat markazi xodimlarining o`rtacha oylik maoshi 1 mln. 500 ming so`mni tashkil qiladi.