Jizzax sudi ijod erkinligiga ham tahdid qilyaptimi?
Konstitusiya yangilanishi arafasida Jizzax sudi ijod, fikr erkinligini tahqirlayaptimi?
Jizzaxda ichki ishlar xodimlari haqida satirik videolavha tayyorlagan ikki shaxs 15 va 10 sutkaga ozodlikdan mahrum etilgan. Bu haqida Ichki ishlar vazirligining yo`l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan vaynerlarni xavfli jinoyatchilar sifatida talqin etuvchi reportaj tayyorlangan.
Jizzax viloyati G`allaorol sudi satirali video tayyorlagan shaxslarni ichki ishlar xodimlarini kiyimini noqonuniy kiyishda va mayda bezorilikda ayblab, 15 va 10 sutkaga ozodlikdan cheklash bo`yicha hukm chiqargan.
Ichki ishlar xodimlarini kiyimini noqonuniy tarzda kiyib yurish qonunga ko`ra, eng kam ish haqining 2 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi. Sud esa vaynerlarning videolavhalarini ichki ishlar xodimlarini kamsitish deb topib, ularga nisbatan 15 va 10 sutkalik qamoq jazosini ham qo`llagan.
Shuningdek, vaynerchilar kiygan ichki ishlar xodimlari formasi namunadagidan farq qilgan. Ulardagi formalarda pogon va O`zbekiston Respublikasi gerbi ko`rinmaydi.
Sud zalida satirik videolavhalar tayyorlagan vaynerlar odamlarga kulgi, hazil ulashish niyatida bo`lganini tan olgan.
Satira, latifa, intermediyalarda asosan turli soha vakillari kulgi ostiga olinadi shu jumladan ichki ishlar xodimlari ham. Ko`pgina demokratik va hatto avtokratik davlatlarda ham bu janrda ichki ishlar xodimlari kulgiga olingani uchun aktyor yoki blogerlarga nisbatan ma`muriy jazo qo`llanilmaydi.
Ma`lumot o`rnida:
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks 209-1 moddasi bilan to`ldirilgan. Modda vazirlik, idora va tashkilotlar formasini noqonuniy kiyib yurishga qarshi choralarni belgilaydi. Tasdiqlangan namunadagi harbiy, idoraviy va maxsus formali kiyim-boshni bunday huquqqa ega bo`lmagan shaxslar tomonidan kiyib yurish formali kiyim-boshni musodara qilib, eng kam ish haqining 2 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.