Gulnora Karimova poraxo`rlik va korrupsiya orqali topgan mablag`ga uylar va samolyot sotib olgan, deyiladi yangi hisobotda. Yana nimalar oshkor bo`ldi?
"Freedom For Eurasia" o`rganishlari xulosasiga ko`ra, Karimova Londondan Gonkonggacha bo`lgan shaharlardagi mulklar uchun $240 million dollar sarflagan.
BBS ning tashkilot hisobotiga tayanib ma`lum qilishicha, Gulnora Karimova korrupsiya va pora orqali qozonilgan jamg`arma vositasida uylar va samolyot sotib olish uchun Britaniya kompaniyalaridan foydalangan.
Britaniya kompaniyalari uchun ishlovchi, London va Britaniya Virjiniya orollarida joylashgan buxgalteriya firmalari ushbu bitimlarga aralashgan.
Ushbu hisobot Britaniyaning noqonuniy mulklarga qarshi kurash bo`yicha sa`y-harakatlariga nisbatan shubha paydo qiladi deyiladi maqolada.
Britaniya rasmiylari xorijiy jinoyatchilarning pul yuvish uchun Britaniyadagi mulklardan foydalanishi oldini olish uchun etarli chora ko`rmayotgani uchun tanqid qilib kelinadi.
Karimovaning Britaniyada osonlik bilan mulk sotib olgani «xavotirli» hol, deyiladi hisobotda.
Kompaniyalar uchun ishlaganlar ularning Karimovaga aloqador ekanini bilgani haqida ma`lumot yo`q. Britaniyada bunday xizmat ko`rsatganlar ishi surishtirilmagan va hech kim jarimaga tortilmagan.
Gulnora Karimova 2014 yili omma ko`zidan g`oyib bo`ldi. Keyinroq, hali otasi hokimiyat tepasida o`tirgandayoq u korrupsiya ayblovlari bilan hibs qilingani ma`lum bo`ldi. 2017 yil dekabrida esa unga sud hukmi o`qildi. 2019 yili uy qamog`i shartlarini buzgani ayblovi bilan uni qamoqqa olindi.
Prokurorlar Karimovani Britaniya, Rossiya va Birlashgan Arab Amirliklarida 1 milliarddan ortiq aktivga egalik qilgan jinoiy guruh a`zosi bo`lganlikda aybladi. «Karimova ishi eng yirik pora va korrupsiya ishlaridan biridir», deydi "Freedom For Eurasia" hisoboti mualliflaridan biri, Oksford universiteti tadqiqotchisi Tom Meyn.
Shunga qaramay, Karimova va uning sheriklari korrupsion deya da`vo qilingan fondlar orqali qo`lga kiritilgan mulklarning ayrimlarini allaqachon sotishga ulgurgandi.
"Freedom For Eurasia" tadqiqotchilari ko`chmas mulk reestrlari hujjatlarini o`rganishar ekan u hibsga olinishidan oldin shubhali fondlar orqali turli mamlakatlar - Britaniya, Shveysariya, Fransiya, Dubay va Gonkongda kamida 14 ta mulk sotib olganini aniqladilar.
14 mart kuni e`lon qilinishi kutilayotgan "Who Enabled the Uzbek Princess?» hisobotida London va uning atrofidagi 50 million funt qiymatdagi 5 ta mulkka e`tibor qaratiladi. Ular orasida Bukingem saroyi g`arbida, Belgraviyadagi kvartiralar, Meyfeyrdagi uy va Surreydagi xususiy ko`li bo`lgan 18 million funtlik uy bor.
2013 yilda Karimova hibsga olinishidan oldin Belgraviyadagi ikkita kvartira sotilgan. 2017 yilda "Serious Fraud Office" Meyfeyrdagi uyni, Surreydagi uyni va Belgraviyadagi uchinchi kvartirani muzlatib qo`ydi.
"Freedom For Eurasia" hisobotida, shuningdek, Karimova yoki uning sheriklari jinoyatdan tushgan mablag`larni ko`chmas mulk va shaxsiy samolyotlarga sarflashiga yordam bergani aytilayotgan London va Britan Virjiniya orollaridagi firmalar nomi ham keltiriladi.
Karimovaning yigiti Rustam Madumarov va hozirda uning sheriklari ekani aytilayotgan boshqa shaxslar rasmiy hujjatlarda Britan Virjiniya orollari, Gibraltar va Buyuk Britaniyada joylashgan kompaniyalarning «benefisiar egalari» (nazorat qiluvchi shaxs) sifatida qayd etilgan. Ammo hisobotda aytilishicha, ular Karimovaning faqat ishonchli vakillari bo`lib, u firmalardan yuzlab million dollarni yuvishda foydalangan.
Karimovaga aloqador bo`lgani aytilayotgan ikki kompaniya Panally Ltd va Odenton Management Ltd ga ilgari Londonning Nyu-Oksford ko`chasida joylashgan SH Landes LLP firmasi buxgalteriya xizmati ko`rsatgan.
2010 yil iyul oyi oxirida SH Landes boshqa bir kompaniyani ro`yxatdan o`tkazishga harakat qildi. Maqsad $40 million dollarga xususiy samolyot sotib olish edi, Madumarov esa unga benefisiar sifatida ko`rsatilgan. Hisobotda aytilishicha, haqiqatdan ham bu xarid ortida Karimova turgan.
SURAT MANBASI,FREEDOM FOR EURASIA
Gulnora Karimovaning Londonning Meyferidagi sobiq mulki jiddiy firibgarliklarni tekshiruvchi idora (Serious Fraud Office) tomonidan musodara etilgan
O`sha paytda uning mablag`lari manbasi haqida so`ralganda, SH Landes shunday javob bergan: «Biz uning shaxsiy boyligi haqidagi savolni bu vaziyatda o`rinsiz deb hisoblaymiz». Aftidan, bunga Madumarovning shaxsiy mablag`idan samolyot sotib olish uchun pul ajratmagani sabab bo`lgan.
Londonda joylashgan bu firma keyinchalik Madumarovning boyligi qisman O`zbekistonda joylashgan Uzdunrobita uyali aloqa kompaniyasidan kelganini da`vo qildi. Kompaniyaning Karimova bilan ehtimoliy aloqalari haqida savollar allaqachon ko`tarilgan edi. 2004 yilda "Moscow Times“ gazetasida nashr etilgan maqolada Karimova soxta hisobotlardan foydalanib, ”Uzdunrobita«dan 20 million dollarga yaqin pul o`tkazib yuborgani aytilgan edi. Sobiq maslahatchi Karimovani «tovlamachilikda» ham ayblagan.
Bu O`zbekistondek davlatning xavfli yurisdiksiyasiga aloqador bo`lgan yirik bitim bo`lganligi sababli, SH Landes mablag`lar manbasi qonuniy ekanligi va jinoiy yo`l bilan o`zlashtirilmaganiga ishonch hosil qilish uchun ehtiyotkorlik bilan tekshirishi kerak edi, deb ta`kidlanadi hisobotda.
SH Landes, shuningdek, Panally Ltd kompaniyasining 2012 yilgi moliyaviy ma`lumotlarini ham e`lon qildi. Hisobotda aytilishicha, 2013 yil sentyabrida ularni Karimovaning yaqin hamkori: o`sha paytda 30 yoshda bo`lgan Gayane Avakyan imzolagan.
" Freedom For Eurasia" tashkiloti vakili Tom Meynning aytishicha, Karimovaning Buyuk Britaniyada shunchalik ko`p mulk sotib olishi xavotirli holdir.
«Boshqa davlatlar unga tegishli bank hisoblari va aktivlarini muzlatib qo`yganidan keyin yillarcha vaqt o`tib, 2017 yilga kelibgina rasmiylar e`tibor berdi», deya qo`shimcha qiladi u.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Adliya vazirligi Gulnora Karimova va uning sheriklarining Fransiya, AQSh, Latviya va boshqa mamlakatlardagi aktivlari qiymati 1,3 mlrd dollarni tashkil etishini qayd etgan edi.