Senatning Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasining 26 yanvar kuni bo`lib o`tgan yig`ilishida Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatovning axboroti eshitildi. Unda ta`lim tizimidagi qator muammolar yuzasidan senatorlar fikr bildirishdi. Tadbirdan so`ng Rost24.uz muxbiri vazir Sherzod Shermatovdan maktablarda isitish tizimi muammolari yuzasidan izoh so`radi.
— Qachon maktablar issiqlik bilan to`liq ta`minlanadi?
— Hozir Senatorlar nazoratga olamiz, deyishdi...
— Lekin, vazir sifatida munosabatingizni bildirib o`ta olasizmi? Nima etmayapti bu vazifani ijro etilishi uchun?
— Yo`q, endi nima desa bo`ladi...maktablarda
— Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo`layaptiku..
— Qaysi birini aytayapsiz?
— Mana masalan, Qamashidagi maktablarda sifatsiz ko`mirlar bilan ta`minlanishi...
— Endi baribir kuz-qish mavsumida hokimiyatlarga yuklatilgan vazifa bo`lgan taqdirda ham joylarda ba`zi bir holatlarda resurslar etmagandan keyin eski ta`mirtalab tizimlar qo`llaniladi. Majbur bo`lgan ishlamagandan keyin UJK qo`yib qo`yishgan. Ko`p joylarga borganimizda isitish tizimi bo`lsa-da, UJK qo`yishgan bo`ladi. Nega unday qildingiz, deb so`ralsa tizim ishlamasligini aytishadi. Ta`mir o`z vaqtida qilinmagan, pul ajratilmagan yoki sifatsiz qilingan bo`lishi mumkin. Keyin ko`mir masalasida, bu yildan sekin ijobiy o`zgarish bo`layapti, deb aytishayapti. Lekin, menimcha bu ko`mirlar o`tgan yillardan qolib ketgan bo`lsa kerak yoki breket ishlatilayotgan holatlar bor. Muammolarimiz bor.
— Nega bu muammolar echilmayapti, nima deb o`ylaysiz?
— Ko`p masalalar bor bu erda. Birinchidan kompetensiyali rahbarlar bo`lishi kerak, ishga fidoiy insonlar bo`lishi kerak, resurs bilan ham bog`liq. Baribir ta`mirlash bu mablag` bilan bog`liq masala. Oldingidan farqi shundaki, masalan oldin bunday muammo yo`q, degandek boshimizni qumga tiqib o`tirish xolatlar bo`lardi. Hozir muammolarni ochib, ularni echishga harakat qilayapmiz. Bundan ikki-uch yil oldingi muammolar ko`lami bilan bugungi muammolar ko`lamini ancha farqi bor. Masalan, oddiy burjuykali maktab, deydigan bo`lsak, ikki yil oldin ularning soni 3000 dan ortiq edi. Faraz qiling shunday is gazida maktablarda bolalar o`qirdi zaharlanib, hech kim indamasdi. Xozir ancha o`zgarish bor. Ularning soni hozir 300 tacha qoldi, ularning 150 ga yaqini filiallar. Har qanday o`zgarish resurs talab qiladi.
— Qancha mablag` sarflanadi, bu maqsadlarga?
— Siz faqat isitish tizimini aytayapsiz-da..
— Umumiy energiya ta`minoti desak-chi?
— Bir yilda umumiy ta`mirni olib qarang. Masalan, investisiya dasturi bo`yicha 300 – 400 ta maktab kapital ta`mirlanadi. Maktablar soni esa 10 mingdan ortiq. 10 mingni 300 ga bo`lib ko`ring, o`rtacha 30 yil kutishga to`g`ri keladi bir maktabni kapital ta`mir qilinishi uchun. Lekin joriy ta`miriga mahalliy hokimiyatlar pul ajratishi kerak. Qaysidir hokimiyat bunga ko`p ajratadi, qaysidiri kam ajratadi. Bu ham joylardagi rahbarlarga bog`liq bo`layapti. Xozir senatorlardan iltimos qildik, qolaversa, ommaviy axborot vositalari ham bu masalani nazorat qilishi kerak.
— Qachondir bizda ham quyosh batarealari bilan ta`minlangan maktablar bo`larmikin?
— Mumkin. Nega mumkin emas.
— Shunaqa loyihalar ham bormi?
— Endi iqtisodiy jihatdan oqlashi kerak. Ko`p narsa iqtisodga bog`liq. Xozircha adashmasam, iqtisodiy jihatdan oqlamaydi. Ya`ni bu qurilmalarning bir qancha muammolari mavjud. Lekin, ikki tendensiya kuzatilayapti. Bir tomondan energiya resurslarga ehtiyoj ortib borayapti, tariflar oshayapti, ikkinchi tomondan bu qurilmalar ham takomillashib borayapti. Vaqti kelib, albatta, bunday maktablar bo`lishiga ham erishish kerak.
— Rahmat.
Eslatib o`tamiz, har yili davlat byudjetidan aynan ta`lim tizimi uchun milliardlab mablag` ajratiladi. Misol uchun, 2021 yilda 30 ta yangi maktab qurish, 320 ta maktabni ta`mirlash va moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida byudjetdan 2 trillion so`m ajratilmoqda.