Qiyinchiliklarni mensimaydigan fermer ayol hikoyasi
Oyimjon Mardieva 64 yoshda. Sirdaryo viloyatining Xovos tumani Mustaqillik mahallasida istiqomat qiladi.
Asli dalada mehnat qilib, voyaga etgan qahramonimizda erga muhabbat shu tariqa paydo bo`lgan. Zafaroboddan Xovosga kelin bo`lib tushgach, turmushning turli mushtlaridan ta`tib ko`rishga majbur bo`ladi. Bir qancha sohalarda ishlab ko`rdi. 1999 yildan esa fermerlik faoliyatini boshladi.
Men 6 gektar er olib, 5 gektariga paxta va 1 gektariga sabzavotlar ekardim - deydi Oyimjon Mardieva Rost24.uz bilan suhbatda.
Shu tariqa fermerlik faoliyati rivojlanib, erlari bugungi kunda 65 gektarga etgan. O`zi esa bu haqida shunday deydi:
"Mening 65 ta farzandim bor. 65 gektar erimning har bir gektari farzandim bo`ladi. Ularni boqaman, suv beraman, o`g`it beraman".
Oiladagi kelishmovchiliklar sabab qahramonimiz yashab turgan uyini turmush o`rtog`iga tashlab, 4 nafar farzandi bilan uysiz qoladi, shundan so`ng ularni bir o`zi voyaga etkazdi. Hayotning har sinovini sabr va mehnat bilan engaverdi. Hammasiga sababchi deb esa erini biladi.
“Agar yana qayta tug`ilganimda hech ikkilanmay fermer bo`lardim. 40 yoshimdan beri fermerlik qilaman. Agar yana shu imkon berilganda kuch-quvvatim borida, ya`ni 25 yoshimdan boshlagan bo`lar edim”, deydi Oyimjon Mardieva
Qahramonimiz hayotidagi 2017 yilni unutolmasligini, 17 yillik mehnat 8 kunda havoga sovurilganini, mashina olish, hajga borish, uy qilish hammasi barbod bo`lganini, "Buyuk yurt qizi" degan nomni undan olib qo`yishmoqchi bo`lganini aytdi. Bu fermer xo`jalikka, bu erlarga butun hayotimni bag`ishladim. Hokimning oldida mendan bu nomni olmaysiz deb tortishdim. Ammo qaysidir tadbirga borsam, meni fermer xo`jaligimni bunday atashmasdi. Shundan juda xafa bo`lib, jahlim chiqar edi. Alamdan 5 yil ishladim. O`zimga so`z berdim. Hammasini tiklayman dedim, tikladim ham, - deya qayg`uli kunlarini xotirladi.
Baxtni mana shu erlarida ko`radigan, kuchni mana shu eridan oladigan Oyimjon Mardievadek ayollar haqiqiy o`zbek ayoliga timsol desak mubolag`a bo`lmaydi. Turmush qiyinchiliklari, 4 farzand tarbiyasidan ortib er bilan tillasha olgan bunday ayollar haqiqiy qahramondir.