Rost24.uz Buxoroning so`nggi amiri Amir Olimxonning nabirasi bilan suhbatlashdi.
Toshkentda o`tkazilgan xalqaro anjuman amir avlodlari va jahon olimlarini bir davrada jamladi.
O`zbekistonda jadidchilik harakatining g`oyaviy asoslari, maqsad va vazifalariga qaratilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo`lib o`tdi.
Rost24 anjuman doirasida Amir Said Olimxonning nabirasi Binafshaxonim Xotun o`g`li va uning turmush o`rtog`i Nuriddin Xotun o`g`li bilan suhbatlashdi.
Ma`lumot uchun, Binafshaxonim Amir Olimxonning kenja farzandi bo`lmish Said Abdulsattor Olimxonning qizi.
Binafshaxonim bobosiga nisbatan shakllangan qarashlarga nisbatan quyidagicha munosabat bildirdi:
— Ota-bobolarim haqida haqiqatlar yuzaga chiqadi qachondir, albatta, yangi qarashlar bilan. Mening bobom xoin bo`lmagan, ular haqida noto`g`ri tushunchalar ham bor. Va bu fikrlar, ishonamizki qachondir o`zgaradi.
O`zbekistonga ilk kelishim. Juda hayajondaman. O`zimni baxtli his qilayapman. Bizni yaxshi kutib olishdi, koshki avvalroq kela olganimda. Inshaalloh, endi tez-tez kelishga harakat qilaman. O`zingni ota-bobolaringning yurtida ekanligingni his qilish, albatta, boshqacha.Uch yoshimdan men Turkiyada katta bo`ldim, u erda Gaziantep viloyatida yashaymiz.
Turk xalqi bizni juda yaxshi qarshilagan. U er ham bizning vatanimiz, u erni ham yaxshi ko`raman. Gaziantepda opalarim, akalarim, amakilarim va butun qarindoshlarimiz yashaydi, – deydi, Binafshaxonim.
Uning turmush o`rtog`i Nuriddin Xotun o`g`lining aytishicha, amir farzandlari dastlab Afg`onistondan, so`ng Turkiyadan qo`nim topgan.
Ular uzoq yillar terichilik, zardo`zlik bilan shug`ullangan. Ba`zilari Amerika, Germaniyada ham istiqomat qiladi. Biroq, amir avlodlarining markazi bugun - Turkiya, Gaziantep viloyati. O`sha erda Amir Olimxon farzandlarining qabrlari mavjud, nabiralari esa ushbu hududda istiqomat qilib keladi.
Anjumanga shuningdek, AQSh, Turkiya, Ozarbayjon, Germaniya, Qozog`iston, Shvesiya va boshqa davlatlardan nufuzli jadidshunos olimlar tashrif buyurdi.