O`quvchi qizlarni non yopishga o`rgatishni taklif qilgan Sirdaryo tuman hokimi 30 million so`m bilan mukofotlandi

03.03.2023 09:05

Hokimlar 30 million so`m bilan mukofotlanayotgan ayni kunda oddiy maktab o`qituvchilarining maoshi mukofot puli bilan qo`shib hisoblanganda 3 million 25 ming so`mni tashkil qiladi.

Dalalarda g`o`zapoyalar qolib ketayotganida ayollarni ayblab chiqqan Sirdaryo tuman hokimi Botirjon Mirzaqulovga Sirdaryo viloyat hokimi 30 million so`m mukofot puli yozgan.

Sirdaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Mahmudalievning 2023 yil 28 fevralda imzolagan 38-9-0 F/23 sonli farmoyishiga (https://e-qaror.gov.uz/doc/1156614) ko`ra, Sirdaryo tuman hokimiga 30 million so`m mukofot, 26 nafar tuman, shahar hokimlari o`rinbosarlariga esa tegishli ish haqining 50 foizi miqdorida rag`batlash choralari ko`rilishi qayd etilgan.

Mukofotlangan Botirjon Mirzaqulov yaqinda maktablar negizida tashkil etilgan «Hayot maktabi» loyihasi haqida to`xtalib, ayollarni non yopmayotganligini ta`kidlab, maktablarda non yopishni o`rgatish kerakligini taklif qilgandi. (https://t.me/SirdaryoSadosi/9134)

Hokim dalalarda g`o`zapoyalar qolib ketayotganligi, bunga sababchi esa ayollarning non yopmasligi, deya nutq so`zlagan:

-O`sha joyda men to`rtta ayoldan so`radim, oxirgi marta qachon non yopdingiz desam, to`rtta ayol ham 5-10 yil avval non yopgan ekan... «Uje» non yopmaydigan bo`lib ketishibdi. «Uje» u avlod non pishirishni o`rgatadigan avlod yo`qolib boryaptida, kamayib boryapti. Dalada hamma g`o`zapoya qolib ketdiku bu yil, hamma non sotib olishga o`tdida, non pishiradigan odamlar kamayib ketib, dalalarda g`o`zapoyalar ham qolib ketyapti, - degan hokim.

Shuningdek, Botirjon Mirzaqulov endilikda o`quvchi qizlarga haftada bir kun 5 soat non pishirish o`rgatilish kerakligini taklif qilgan:

— O`quvchi qizlarimizni haftada bir kun hayotga o`rgatish kuni bo`ladi. Bir kun 5 soat non pishirish o`rgatiladi, qanday qilib un, qanday qilib suv qo`shiladi, qancha sut qo`shiladi, qanday qilib tandirga yopiladi. Oxirida shu sinfda o`qigan 10 ta qiz, o`zlari pishirgan nonlardan uyiga olib ketadi. Bir kun osh pishirish o`rgatiladi, bir kun qatlama, bir kun manti pishirishadi. Pazandachilik o`rgatiladi, - degan Botirjon Mirzaqulov.


 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
8
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар