O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma`lumotiga ko`ra, 2022 yilda O`zbekiston aholisining 14,1 foizi kam ta`minlanganlarni tashkil etgan. Bunda eng kam iste`mol xarajatlari sifatida 498 ming so`m belgilab olingan.
O`zbekiston yashash uchun eng arzon shaharlar reytingida 10 o`rinni egallab turibdi (https://worldpopulationreview.com/country-rankings/cheapest-countries-to-live-in). Eng qimmat shaharlar reytingida esa Markaziy Osiyodagi davlatlar ichida 4 o`rinda turadi (https://www.numbeo.com/cost-of-living/region_rankings.jsp?title=2023®ion=143). Ko`p hollarda kambag`allik darajasi bir necha foizga kamaydi, degan gaplar quloqqa chalinadi. Xo`sh, O`zbekistonda kambag`allarning ya`ni kam ta`minlanganlarning statistikasi yuritiladimi?
Rost24.uz sayti muxbirining ushbu mazmundagi savoliga Statistika agentligi bo`lim boshlig`i Umid Madaminov quyidagicha javob berdi.
«O`zbekiston Respublikasida aholi turmush darajasini aniqlash maqsadida tanlanma ravishda uy xo`jaliklarida kuzatuv o`tkazib kelinadi. Bu yildan boshlab, ya`ni 2023 yil boshidan 16 mingta uy xo`jalik kuzatuvi o`tkazish rejalashtirilgan. Bizni kuzatuvlarimiz Jahon bankining bergan metodologiyasi asosida ishlab chiqilgan va savolnomalar asosida o`tkaziladi. Bunda uyma-uy yurib har bir xo`jalikka savolnomalar berib to`ldirib boriladi. 2021 yil davomida kambag`allik darajasi 17 foizni tashkil qilgan. 2022 yilda esa bu ko`rsatgich 14,1 foizni tashkil qilgan. Bu uyma-uy yurib, aniqlik kiritilgandan so`ng kuzatuv ma`lumotlari asosida shakllantirilgan», dedi Umid Madaminov.
Yuqorida keltirilgan 17 foizdan 14,1 foiziga kamaygan statistika bu kambag`al qatlamning ish bilan ta`minlanganlik darajasini belgilamaydi. Balki, statistika agentligi tomonidan uyma-uy yurib savolnomalar o`tkazilgan hamda ularning natijasida hisoblangan.
Ma`lumot uchun, 2022 yil uchun hisoblangan minimal iste`mol xarajatlari miqdoriga ko`ra bir kishi uchun minimal iste`mol xarajatlarining miqdori 498 mingni tashkil etgan.
Bundan avvalgi, dastlabki hisoblangan minimal iste`mol xarajatlari 2021 yil narxlarida 440 ming so`mni tashkil etgan edi.
Eslatib o`tamiz, Xalqaro onlayn ma`lumotlar bazasi – Numbeo hisob-kitoblariga ko`ra, O`zbekistonda 4 kishi bo`lib yashaydigan oilalar ijara to`lamasdan oyiga 1 431,42 dollar (15 mln 988 ming so`m) sarflab yaxshi yashashi mumkin. Bir kishi uchun bu narx 394,10 dollar (4 mln 400 ming so`m)ga aylanadi.