2022 yilning 13 dekabridan buyon AI-80 rusumli benzin narxi 5700 so`mdan sotila boshlangan edi.
Bunga sabab O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 dekabrdagi «Kuz-qish mavsumida iste`molchilarni avtobenzin mahsulotlari bilan uzliksiz ta`minlash va ularning narxlari keskin oshishining oldini olish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PQ-440-sonli qaroriga asosan 2022 yil 10 dekabrdan 2023 yil 1 martga qadar import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan yakuniy iste`molchilarga sotiladigan AI-80 rusumli avtobenzin uchun aksiz solig`i «nol» stavkada qo`llanilishidir.
2022 yil 1-12 dekabr kunlari 1 tonna AI-80 rusumli avtobenzin uchun o`rtacha birja narxi 8096 ming so`mdan 13 dekabrga kelib 6295 ming so`mga pastladi. Natijada 1801 ming so`mga arzonlashdi. Avtomobillarga yoqilg`i qo`yish shoxobcha {AYoQSh}larida 1 litr AI-80 rusumli avtobenzin narxi 6800 – 7500 so`mdan 5700-6000 so`mgacha arzonlashdi.
«O`zbekneftgaz» matbuot xizmatining Rost24.uz'ga bergan ma`lumotiga ko`ra, 2023 yilning 1 martidan aksiz solig`i hisoblanishi va birjada narxlarning erkin shakllanishi hisobiga AI-80 rusumli avtobenzin narxi oshishi kutilmoqda.
1 martdan boshlab birja savdolariga joylashtirilgan 1 litr AI-80 rusumli avtobenzin boshlang`ich narxi 6100 so`mni tashkil etishi kutilmoqda. Natijada narxlar o`zgarishi hisobiga «O`zbekneftgaz» AJ tasarrufidagi AYoQShlarda 1 litr AI-80 avtobenzin narxi 6800 so`mni, import mahsuloti uchun 7000 so`mni tashkil etadi.