Guliston tumani hokimligi 2 oyda 33 ta sudda yutqazdi

27.02.2023 15:31

Guliston tumani hokimligi 2 oyda 33 ta sudda yutqazib, soliq to`lovchilarning 87 million so`mini sarflagan.

Byudjet mablag`ini sudga to`lovlariga sarflagan hokimlik fuqarolarni ham sudda sarson bo`lishiga sababchi bo`lgan. 

Sirdaryo viloyati Guliston tumani hokimi bugun – 27 fevral kuni 46-9-124-F/23 sonli farmoyish chiqardi.
 

Farmoyishga ko`ra, tuman mahalliy byudjetining zaxira mablag`lari hisobidan hokimlikka 97 million so`m pul ajratilgan. 

Mazkur xarajat sud qarori asosida hokimlikning kreditor qarzdorligini qoplashga 87 million so`m va tuman hokimligining xizmat avtomashinalarini joriy ta`mirlash uchun 10 million so`m, deb belgilangan.

Hokimlik bosh hisobchisiga ko`ra, 87 million so`m mablag`ni hokimlik fuqarolar bilan bo`lgan sudlarida yutqazganligi uchun ajratgan. Ya`ni bu xarajat – sud xarajatlarini to`lash uchun davlat boji.

Ma`lum qilinishicha, 2022 yil dekabr va 2023 yilning yanvar oylarida hokimlik va fuqarolar o`rtasida er bilan bog`liq jami 33 ta sudda hokimlik yutqazgan.

– Zaxiradagi erlarni davlat muhofazasiga olish uchun er egalarini sudga berganmiz, ba`zi fuqarolar eri "snos"ga tushagani bo`yicha sudga bergan, jami 33 ta sud uchun 87 million so`mlik davlat boji qarzdorligini to`layapti hokimlik. Bunda har bir sud uchun 3 million so`mdan to`g`ri keladi, - deydi hisobchi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар