Toshkent shahrining ayrim bozorlarida ijara haqi va boshqa to`lovlar miqdori oshirildi.
Xususan, poytaxtimizda joylashgan «Iste`molda bo`lgan transport vositalari va ehtiyot qismlar Sergeli bozori» mas`uliyati cheklangan jamiyati (xalq tilida “Mashina bozori”) tomonidan ko`rsatilgan xizmatlar uchun undirib olinadigan to`lovlar va ijara haqi miqdorlari oshirilgan.
Shuningdek, Uchtepa tumani hududidagi «O`rikzor savdo kompleksi» mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ko`rsatilgan xizmatlar uchun undirib olinadigan to`lovlar hamda ijara haqi miqdorlari ko`tarilgan.
Bu haqidagi qarorga Toshkent shahrining hokimi v.b. Baxtiyor Rahmonov imzo chekkan.
Qarorda bozor va savdo markazining ijara narxlari oshirilishida Toshkent shahar hokimligining moliya-iqtisodiyot va kambag`allikni qisqartirish masalalari bo`yicha birinchi o`rinbosar majmuasining 2023 yil 10 yanvardagi murojaati inobatga olingani ko`rsatilgan. Qarorda narxlar miqdori ham keltirib o`tilgan.
Narxlar qayd etilgan ilovaga ko`ra, Toshkentdagi mavjud barcha dehqon bozorlarida ham ayrim ijara narxlarini oshganligini ko`rish mumkin.