Ta`lim dargohlarida zilzila vaqtida harakatlanishga oid targ`ibotlar olib boriladimi?

26.02.2023 20:13

Dunyoda zilzilalar soni ko`paygani haqidagi xabarlardan so`ng zilzila oqibatlaridan himoyalanish oid bilimlar zarurligi yuzaga chiqmoqda. Xalqaro tajribada bolalarga kichik yoshdan bunday ko`nikmalarni berib boshlanadi. O`zbekiston ta`lim muassasalarida holat qanday? Bog`cha va maktablarda zilzila bo`lganda qanday yo`l tutish kerakligi o`rgatiladimi?

Rost24.uz ushbu savol bilan Maktabgacha va maktab ta`lim vazirligiga murojaat qildi.

Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi rahbari Laylo Rustamova vazirlikning javobi sifatida Respublika ta`lim markazi tomonidan tayyorlangan maqolani havola qildi.

Ma`lumot uchun, maqola Rost24.uz so`rovidan so`ng ta`lim markazining rasmiy sahifasida paydo bo`lgan.

Material umumta`lim maktablari uchun tayyorlangan yangi darsliklar haqida bo`lib, unda zilzila vaqtida qanday harakatlanish darsliklarda tushuntirilgani aytiladi. Qayd etilishicha, 1-2-3-4-5-6- sinfning ayrim darsliklarida bu borada tushuncha berilgan.

Ammo, O`zbekistonda barcha bolalar emas, faqat bir qism maktab o`quvchilargina o`quv yilini yangi avlod darsliklari bilan boshlagan edi

Toshkent shahar xalq ta`limi bosh boshqarmasining birinchi o`rinbosari Shukur Burxonov bugungacha mamlakatda darsliklarning faqat 60 foizi chop etilgani haqida ma`lum qilgan.

Birgina poytaxtning o`zida maktablar 47 foizga yangi darsliklar bilan ta`minlangan xolos. Viloyatlarda bu ko`rsatkich yana ham past.

Vazirlik esa o`quvchilarning favqulodda holatlarga tayyorlik darajasini qamrovi to`liq bo`lmagan ana o`sha darsliklarga bog`lamoqda.

Qolaversa, vazirlik keltirgan materialda zilzila haqidagi tushuncha faqat 6- sinfgacha bo`lgan darsliklarga kiritilgani qayd etilgan. Umumta`lim maktablarida ayni vaqtda 11 yillik ta`lim joriy etilganini inobatga olsa, yuqori sinf o`quvchilari quyi sinf uchun joriy qilingan darsliklar bilan tanish emas.

Rost24.uz ning maktabgacha ta`lim muassasalariga (bog`chalar) oid so`rovi esa ochiq qoldi.

Ta`lim muassasalari xodimlariga ko`ra, hali maktablarda favqulodda holatlarga tayyorgarlik bo`yicha tushuncha berilmayapti.

Ismi sir qolishini istagan maktab xodimlaridan birining aytishicha, yuqoridan topshiriq bo`lsagina targ`ibot olib borilishi mumkin.

Ma`lumot uchun, Turkiya va Suriyada sodir bo`lgan kuchli zilzilalardan so`ng, O`zbekistonga qo`shni Tojikiston, Afg`oniston, Qozog`iston hududida zilzilalar qayd etilgan. 24 fevral kuni Jizzaxda ham 2-3 ballik zilzila kuzatilgani ma`lum qilingan edi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар