Oziq-ovqatga sarfanayotgan milliardlar...
Buxoro viloyati hokimliklarida xodim va mehmonlar byudjetdan bir necha milliard so`mlik oziq-ovqat bilan ta`minlanadimi?
Buxoro viloyati hokimning 2019 yil "Viloyat hokimligi rasmiy mehmonlar qabullar uyi, tumanlar va shahar hokimliklarini moddiy rag`batlantirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi 635-sonli qaroriga ko`ra, hokimlik xodimlarini byudjet hisobidan oziq-ovqat bilan ta`minlash belgilangan. Qaror Prezident Shavkat Mirziyoevning 29-30 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida hokimlik xodimlarining ish samaradorligi va mas`uliyatini oshirish bo`yicha berilgan topshiriqlar asosida chiqarilgani qayd etilgan.
Demak, ish samaradorligi va mas`uliyatni Buxoro viloyati hokimligi tushlikda, deb bilgan ko`rinadi?
Qaror asosida Buxoro viloyatining shahar va tuman hokimliklari xodimlari bugungacha byudjet hisobidan oziq-ovqat bilan ta`minlanadi. Hujjatga ko`ra, 2019 yilning o`zida oziq-ovqat uchun Buxoro viloyati hokimligiga mahalliy byudjetdan 5 milliard 341 million so`m ajratilgan.
Kuni kecha Buxoro viloyati Vobkent tumani hokimi 23 fevralda 17-2-33-F/23 sonli Farmoyish chiqardi. Unda qayd etilishicha, hokimlik xodimlarining eb-ichishiga byudjetdan 205 million so`m mablag` ajratilgan. Hokimlik hisobchisi Lutfullo Rajabbovga ko`ra, “…mazkur mablag` xodimlarining oyligidan tashqari 3 oylik byudjet hisobidan qoplanadigan tushlik xarajati. Ushbu Farmoyish Buxoro viloyati hokimining yuqorida qayd etilgan 2019 yildagi 635-sonli qaroriga asoslanib chiqarilgan”.
Hokimlik xodimlarini byudjet hisobidan oziq-ovqat bilan ta`minlash amaliyoti barcha viloyatlarga tegishli-tegishli emasligini bilish uchun Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati bilan ham bog`landik.
Matbuot kotibi Behzod Qobulovga ko`ra, bunday amaliyot Toshkent viloyati hokimligida ayni paytda mavjud emas.
– Toshkent viloyatining 22 ta tuman-shaharida ham, viloyat hokimligida ham – hech birida xodimlarining ovqatlanishi uchun pul ajratish, degan gap yo`q,- deydi u.
Ammo, bizdagi ma`lumotga ko`ra, viloyatning hozirgi hokimi Zoyir Mirzaevgacha bo`lgan davrda shunday tizim Toshkent viloyatida ham mavjud edi.