Toshkent shahar sudida jurnalistlar yana o`ziga xos senzuraga uchradi

23.02.2023 23:26

Toshkent shahar sudi sudyasi Zoir Kamalov sud davomida jurnalistlarga telefondan kamera va diktofon sifatida foydalanishni taqiqladi. Sudda qatnashuvchilar ko`p bo`lgani sababli jarayonni kichik xonadan ko`chirish so`raldi. Lekin, bu so`rovga qaramay sudni katta zalda o`tkazilishini ta`minlab berilmadi.

Bugun Toshkent shahar sudida bir necha oydan beri ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvlarga sabab bo`layotgan Sardor Rahmonqulovning appelyasiya sudi ko`rib chiqilishi kutilgan edi. Soat 12:00 ga belgilangan appelyasiya sudi kechikib boshlandi. Keyin esa tushlik bahonasi bilan sud 2 mart sanasiga qoldirildi.

Toshkent shahar sudida Sardor Rahmonqulovga nisbatan bo`lgan jinoyat ishi ko`rilishida raislik etuvchi sudya Zoir Kamalov advokat iltimosini inobatga olgan holda sud ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritilishiga ruxsat berdi. Biroq, sud yoritilishini ta`minlagan sudya Zoir Kamalov jurnalistlarga o`ziga xos senzura qo`ydi. U jurnalistlar faqatgina kamera va diktofondan foydalanishlariga ruxsat berilishini bildirdi. Telefon kamerasi orqali jarayonni videoga olishni va telefon audioyozuvini ham taqiqladi. Bir necha yildan beri ommaviy axborot vositalarida mobil jurnalistika yo`nalishi rivojlanib kelmoqda. Bugungi kunda jurnalistlar mobil telefonidan audio va videoyozuvlar uchun ham foydalanadilar. Ya`ni mobil telefon jurnalistlar uchun allaqachon kamera va diktofon o`rnini egallab ulgurgan. 

Shu o`rinda sudya Zoir Kamalovning jurnalistlarning qaysi texnikadan qanday foydalanishlariga aralashishi qanchalik adolatli?
Toshkent shahar sudi bundan avval ham jurnalistlar faoliyatini cheklashga oid bir qancha yangiliklar kiritgan edi. Jumladan, Toshkent shahar sudida ochiq sud majlisiga tashrif buyurgan jurnalistlardan «tilxat» olish tajribasi qo`llanilgan edi.

Eslatib o`tamiz, Toshkent shahar sudida 2020 yilda Telegram tarmog`i orqali do`stiga tarqatilishi taqiqlangan nashida yuborgani uchun 5 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo`llanilgan Sardor Rahmonqulovning appelyasiya sudi ko`rib chiqilishi boshlandi. Material 2022 yil 5 iyunda fuqaroning uyida IIB xodimlari o`tkazgan tintuv paytida aniqlangan. Tergov vaqtida 6 oydan ko`proq qamoqda o`tirgan Rahmonqulovga 30 yanvarda sud hukmi o`qildi. Sardor Rahmonqulov jinoyat kodeksining 244/1-modda 3-qismi g-bandi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bo`yicha aybdor deb topilgan. 

Avvalroq, Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher Sa`dullaev holatni o`rganib, unga yordam berishini bildirgandi.


 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
10
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар