Maktablarda 100 mingta to`garak tashkil etiladi, bu to`garaklar ham avvalgilariga o`xshab «xo`jako`rsin»ga ishlamaydimi?

20.02.2023 18:30

Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi tomonidan o`quvchilarda kasb-hunar ko`nikmalarini shakllantirish maqsadida umumta`lim muassasalarida 100 mingta to`garak tashkil etish bo`yicha zarur ishlar boshlanganini ma`lum qildi. Xabarda qayd etilishicha, ushbu maqsadlar uchun davlat byudjetidan 79,5 mlrd. so`m ajratilgan bo`lib, to`garaklar yo`nalishini aniqlash bo`yicha o`quvchilar va ota-onalar o`rtasida so`rovnomalar o`tkazilmoqda.

Bunda o`quvchilarga axborot-kommunikasiya texnologiyalari, IT injiniring, tarjimonlik kabi yo`nalishlar bo`yicha to`garaklar tashkil etishga ustuvorlik beriladi, deyiladi ma`lumotda.
Hozirga qadar ham maktablarda to`garaklar borligi haqida hisobotlarda aytib kelinadi. Amalda esa sanoqli to`garaklarni muntazam yo`lga qo`yilgani va asosan pullik xizmat sifatida taqdim etilishi hech kimga sir emas.

Yangi to`garaklarni ham shu kabi «taqdir» kutmayaptimi?

Biz maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi axborot xizmati xodimi Laylo Rustamovaga ushbu savol bilan murojaat qildik.

Uning ta`kidlashicha, yangi tashkil etilayotgan to`garaklar moliyaviy qo`llab-quvvatlangani sababli muntazam yo`lga qo`yiladi va ular bepul bo`ladi.

- 2017-2018 o`quv yilidan boshlab umumiy o`rta ta`lim muassasalarida «katta etakchi» va «to`garak rahbari» shtat birliklarini tugatish hisobiga «yoshlar etakchisi» shtat birligi joriy etilgandi.

Bu davrda fan o`qituvchilari, tasviriy san`at va chizmachilik, musiqa madaniyati va jismoniy tarbiya o`qituvchilari darsdan keyin o`quvchilar uchun to`garaklar tashkil etib bordi.

Endilikda prezident farmoni bilan yoshlarni san`at dunyosiga oshno etish, kompyuter va IT texnologiyalari sohasida bilim va ko`nikmalarga ega bo`lishlari uchun zarur jihozlar bilan ta`minlangan 100 mingdan ortiq bepul to`garaklar faoliyatini yo`lga qo`yish belgilangandi va alohida shtatlar ajratilmoqda. Hozirda to`garaklarni shakllantirish ishlari jadal olib borilmoqda. Ota-onalardan nafaqat uni shakllantirishda, balki mashg`ulotlar sifati nazoratida ham faollikni so`rab qolamiz, deydi Laylo Rustamova.  

Eslatib o`tamiz,  maktab o`quvchilarini kasbga yo`naltirish, ta`lim muassasalarida bepul to`garaklar faoliyatini yo`lga qo`yish bo`yicha zarur topshiriqlar O`zbekiston Respublikasi prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi «2022—2026 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to`g`risida»gi Farmonida belgilangan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар