Bu haqida prezident Shavkat Mirziyoev 17 fevral kuni Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasiga tashrifi vaqtida aytib o`tgan.
Prezident madrasa talabalari bilan uchrashuv davomida so`nggi yillarda Umra va Haj safarlariga qatnov soni ko`paytirilganini ta`kidladi. Muftiy Nuriddin Xoliqnazarovning Umraga borishga imkoniyati etmaydigan kam ta`minlanganlar uchun davlat tomonidan yordam berilishi kerakligi haqidagi so`roviga javob berar ekan Mirziyoev tanlovda tanish-bilishchilik ishlatilmasligi kerakligiga ishora qilgan.
«Sizdan bitta iltimos bo`ladi, adolatli tanlov qilib bersangiz, xohlaganingizcha yordam beraman. Haqiqiy kam ta`minlanganlar istagi albatta ijobat bo`ladi. Ularning ro`yxatini shakllantirib bering. Kerak bo`lsa, u erdagi rahbarlarga ham aytib, ularni alohida-alohida kutib oladigan qilib tashkillashtiramiz», degan davlat rahbari. Aynan qachondan bu imtiyozni olish imkoni yo`lga qo`yilishi va kimlarga berilishi haqida hozircha ma`lumot yo`q.
Ma`lumot uchun: 2017 yilgacha har yili 6 ming kishi Umraga borgan bo`lsa, 2018 yildan Umra uchun kvotalar 10 mingtaga oshirildi. 2019 yilda cheklovlar bekor qilindi.
2022 yildan Umraga borish uchun sohada tur firmalar faoliyatiga ruxsat berildi, kvotalar soni esa 100 mingga oshdi. Umra safari uchun Toshkent hamda viloyat markazlaridan Saudiya Arabistoniga to`g`ridan – to`g`ri reyslar yo`lga qo`yilgan.
Shuningdek Haj safarida ham kvotalar oshib borayotganini ko`rish mumkin. 2016 yilga qadar har yili 5200 kishi hajga borgan bo`lsa, 2017 yilda kvotalar soni 7200, 2022 yilda esa 11 ming kishiga oshirildi.
2023 yilda O`zbekistonliklarga 24 ming kvota ajratilgan bo`lib, bu yil mavsum iyun oyiga to`g`ri kelishi aytilmoqda.