Sayyohlikmi yoki qarindosh-urug`chilik? Raqamlar qay biri hisobiga ortmoqda?

16.02.2023 11:46

Statistika agentligi 2023 yilning yanvar oyida 423,7 ming nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O`zbekistonga tashrif buyurganini ma`lum qildi.Xabarda bu ko`rsatkich o`tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 254,1 ming nafarga yoki 2,5 baravarga oshgani qayd etilgan.

Bu xabarni o`qiganda O`zbekistonga xorijlik sayyohlarning qiziqishi ortib borayotgan ekanda, degan fikr tug`ilishi tabiiy. Lekin chet el fuqarolarining safar maqsadlariga e`tibor qaratilsa asosan qarindoshlarni yo`qlash (bir oyda 379,6 ming kishi) ustun ekanligini ko`rish mumkin. Bu umumiy sonning salkam 90 foizini tashkil etadi.

O`zbekistonga dam olish maqsadida keluvchilar esa bor yo`g`i 26,9 ming kishi, ya`ni umumiy kelganlarning 6.35 foizini tashkil etgan. Shuningdek, xizmat yuzasidan – 8,2 ming, davolanish – 5,0 ming, tijorat – 2,8 ming va o`qish maqsadida – 1,2 ming kishi kelgan.

Statistika agentligi e`lon qilgan yana bir ma`lumot ham muhim. Bu O`zbekistonga yanvar oyida eng ko`p qaysi davlatlarning fuqarolari tashrif buyurgani haqidagi raqamlardir.

Qayd etilishicha, eng ko`p Tojikiston (139,6 ming nafar), Qozog`iston (116,6 ming nafar), Qirg`iz Respublikasi (103,2 ming nafar) kabi chegaradosh mamlakatlar fuqarolari kelgan. Shuningdek, urush sababli sanksiyalarga duchor bo`lgan Rossiya (41,9 ming nafar) fuqarolarini ham avvalgiga qaraganda ko`proq kelishayotganiga guvoh bo`lish mumkin.

Bu raqamlar faqat yaqinlarini ko`rish uchun chegaradan o`tishga majbur yon qo`shnilar emas, dunyo turizm industriyasidan xabardor potensial sayyohlarga O`zbekiston qiziqarli bo`lishi va aynan turistik maqsadda tanlashi uchun hali qilinadigan ishlar ko`pligini ko`rsatadi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekistonga 2022 yilning yanvar—dekabr oylarida 5,2 million nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda tashrif buyurgani Statistika agentligi xabarida  qayd qilingan. Bu ko`rsatkich o`tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 3,4 million nafarga yoki 2,8 baravarga oshgani rost, lekin o`tgan yili ham asosiy tashrif buyuruvchilar Qozog`iston (1551,1 ming nafar),Tojikiston (1447,8 ming nafar),Qirg`iziston (1356,9 ming nafar) fuqarolari hissasiga to`g`ri keladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
8
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар