"Otvz Tesla" kanali tarkibidagi yana bir nechta kanal O`zbekistonda giyohvandlik moddalarini onlayn pullash bilan shug`ullanmoqda.
Oxirgi kunlarda o`zbek jamoatchiligi "Tesla" so`zini tez-tez tilga oladigan bo`lib qoldi.
Yaqinda o`zini "Nakzanie Tesla" deb nomlagan guruh yoshlarni "samosud" qilib, uni tarmoqqa joylab borgani haqida xabarlar tarqagan va guruhning ayrim a`zolari qo`lga olingani xabar qilingandi.
Ammo "samosud", deya urg`u berilayotgan mazkur jinoyatchilikning "ildizi" yanada jiddiyroq va xavfliroq boshqa jinoyatga etaklaydi.
Ma`lum bo`lishicha, "Tesla" nomidagi kalit so`z bilan ish tutuvchi mazkur to`da tarmoqlarda onlayn narko-savdo bilan faoliyat yuritadi.
"Telegram" messenjerida ochilgan yana bir – "Otzv Tesla" kanali O`zbekistonda giyohvandlik moddalarini onlayn pullash bilan shug`ullanib kelmoqda. Kecha – 13 fevral kuni ham mazkur kanalga xabar joylashtirilgan bo`lib, kanal hamon faoliyat yuritmoqda.
Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G`iyosovning kanal shu bugungacha bloklanmayotgani bo`yicha quyidagicha izoh berdi:
— Tezkor qidiruv tadbirlari amalga oshirilyapti. Tegishli muzokaralar natijasida barchasi bloklanadi. Afsuski, ko`p dillerlar o`z faoliyatini chet elda bo`la turib, amalga oshiradi. Bloklangan akkaunt o`rniga boshqasini ochishi kuzatiladi. Shaxsi aniqlanganlar qidiruvga beriladi, – deydi u.
Shuningdek, Sh.G`iyosovning ma`lumot berishicha, bugungacha narkotik va kuchli ta`sir qiluvchi moddalarni noqonuniy aylanmasini targ`ib qiluvchi 1311 ta ijtimoiy tarmoqlardagi akkaunt bloklangan.
— Aniqlangan holatlar yuzasidan surishtiruv o`tkazilib, tegishli tezkor tadbirlar amalga oshiriladi. Taqiqlangan moddalarni targ`ib qiluvchi guruhlar yoki kanallarni bloklash bo`yicha ijtimoiy tarmoq mas`ullariga asoslangan takliflar kiritiladi. 2022 yilda umumiy 8300 dan ziyod narkotik va kuchli ta`sir qiluvchi moddalar aylanmasi bilan bog`liq jinoiy holat aniqlangan. 6100 dan oshiq fuqaro jinoiy va 1400 tasi ma`muriy javobgarlikka tortilgan.
Ichki ishlar organlari tomonidan 2 tonna 31 kg.dan ko`p narkotik moddalar noqonuniy muomaladan olingan, – deydi G`iyosov.
Maftuna Karimova tayyorladi.