Ijtimoiy tarmoqlarda o`zini "Nakazanie Tesla", deb nomlagan to`da yoshlarni “samosud” qilayotgani tasvirlangan videolar tarqaldi.
Bu to`da shu kungacha tasvirlarni bemalol ijtimoiy tarmoqqa joylab kelgan. O`tgan yilning 25 oktyabrida mazkur guruh nomi bilan “telegram” ijtimoiy tarmog`ida kanal ham ochilgan va 40 ga yaqin "samosud" videolari kanalga joylashtirib kelingan.
Ammo IIB xodimlari tomonidan mazkur voqealikka ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan so`nggina shu bugun e`tibor qaratildi.
Qiziq, Ichki ishlar vazirligi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mutasaddilar shu vaqtgacha nahot e`tibor qaratmagan?
Mas`ullar ishlayotgan bo`lsa, tarmoqlardagi bezorilik va shafqatsizlik targ`ib qilingan kanallarni nega jamoatchilik fosh qilmoqda? Tarmoqlarda hali aniqlik kiritilmagan bu kabi kanal va to`dalar yana nechta ekan?
Vazirlik matbuot kotibi Shohrux G`iyosov bu boradagi savollarimizga ayni damda javob bera olmasligini bildirib suhbatdan bosh tortdi.
Shunday vaziyatda O`zbekiston fuqarolarini "samosud"dan himoyalangan, deyish mumkinmi?