Bosh prokuratura O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga o`qishga qabul qilishda qonunchilik talablari buzilib, qabul jarayonlarining shaffofligi ta`minlanmagan degan xulosani e`lon qildi.
Xususan:
– ijodiy imtihonlarni o`tkazish uchun 10 ta yo`nalish bo`yicha 3 kishidan kam bo`lmagan tarkibda komissiya shakllantirilmagan;
– 21 ta sport turi bo`yicha o`tkazilgan ijodiy imtihonlarda aynan bir shaxs bir vaqtda komissiyalarga raislik qilgan;
– 24 ta ta`lim yo`nalishi bo`yicha 189 nafar abiturientning imtihon natijalari bayonnomalarda haqqoniy aks ettirilmagan;
– 26 nafar abiturientning ijodiy imtihon natijalari bayonnomalarda ko`rsatilmasdan, asossiz baholangan;
– ot sporti, xokkey, figurali uchish, tog` chang`isi bo`yicha sport inshootlari mavjud bo`lmasada, 500 nafardan ortiq abiturient shu yo`nalishlarga o`qishga qabul qilingan;
– 90 nafar abiturientning ijodiy imtihon ballari oshirib qo`yilib, talabalikka qabul qilingan.
Oqibatda, ijodiy imtihonlardan eng yuqori ball to`plab, davlat granti asosida o`qishga qabul qilingan 30 nafar talaba 1-semestr yakuni
bo`yicha qoniqarsiz baho olgan.
Xuddi shu kabi qonun buzilish holatlari Universitetning Farg`ona filialida ham yo`l qilgani aniqlangan.
Shuningdek, Universitetda o`qishga qabul kvotalari ham sun`iy ravishda oshirilib, 3 160 o`rinli universitetga 13 634 nafar yoki sig`imga nisbatan 4,5 baravar ko`p talabalar qabul qilingan.
So`nggi 2 yilda talaba va o`qituvchilar tomonidan jami 6 ta korrupsiyaviy va 23 ta boshqa turdagi jinoyatlar sodir etilgan.
Tekshirish davomida o`tkazilgan tadbirda talabalar D.I. va J.S.lar fuqaro G`.M.ni o`qishga kiritish uchun undan 5 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Bundan tashqari, 587 nafar o`qituvchi va xodimlariga 1,2 mlrd. so`m rag`batlantirish pullari hamda o`tilmagan dars soatlari uchun 172 mln. so`m mablag` noqonuniy to`lanib, talon - toroj qilingan.
Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.