Amirillo Inoyatov 100 ming so`mlik somsa va 75 ming so`mlik suzmaga ko`z yumgan agentlikni gapirtirdi
Hukumatning yuqori darajadagi rahbarlaridan - SSV vaziri Amirillo Inoyatovning shifokorlar maoshi bo`yicha «jaydaricha» echimi e`tirozlarga sabab bo`lmoqda.
«Bemorni mehr bilan davolab, to`g`ri yondashsa, so`ramasa ham o`zi rozi bo`lib, barakasini berib ketadi», degan vazir.
Shuningdek, u maoshlar to`g`risida gapirayotib, «Gar qanoat bir-la bo`lsang barqaror, dunyoda hech bo`lmagaysan xoru zor», deya she`r ham o`qigan.
Vazirning mazkur fikriga uzoq vaqtdan buyon sukut saqlayotgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi munosabat bildirdi. 100 ming so`mlik somsa va 75 ming so`mlik suzma masalasiga ko`z yumgan agentlik munosabatida jumladan, quyidagilar qayd etilgan:
«Mazkur taklif tizimda korrupsiyaviy jinoyatlar sonining ortishiga hamda shifokor kasbi mavqeining pasayishiga, sog`liqni saqlash tizimiga xalqning ishonchi kamayishiga sabab bo`ladi, deyiladi agentlik xabarida.
Ma`lumot uchun, shifokorlik yuqori talabga ega kasblardan sanalgani uchun jahonda sog`liqni saqlash sohasini davlat tomonidan moliyalashtirish muhim rol o`ynaydi. Masalan, AQShda tibbiyotga sarflanadigan xarajatlar mamlakat yalpi ichki mahsulotining 16-17 foizini, Rossiyada 6-7 foizni, Xitoy, Hindiston kabi davlatlar esa 6 foizidan ko`pini tashkil qiladi. O`zbekistonda keladigan bo`lsak, 2022 yilning o`zida sohaga byudjetdan 24 trillion so`m yo`naltirilgan bo`lib, 2022 yilda mamlakatimiz Yalpi ichki mahsuloti 888,34 trln so`mni (80,4 mlrd dollarga yaqin) tashkil etdi.
Shuningdek, o`tgan besh yilda sog`liqni saqlash tizimini yaxshilash uchun xalqaro moliya tashkilotlaridan 700 million dollardan ziyod mablag`lar jalb qilingan. O`tgan yili mahsus hujjat bilan 2022 yil 1 iyundan sog`liqni saqlash tizimi xodimlarining maoshini malaka toifasiga qarab qo`shimcha 15 foizgacha oshirilganiga qaramay hamon bu sohadagilar maoshi eng kam oyliklardan biri sifatida qolmoqda.
Dunyoda shifokorlarga maosh to`lashda umumiy manzara quyidagicha: kambag`al mamlakatlarda shifokorlar juda kam, gullab- yashnayotgan davlatlarda esa eng yuqori maoshni olishadi.
UMedicine.ru ma`lumotlariga ko`ra, O`zbekiston jahonda shifokorlarga haq to`lashda eng quyi pog`onalarda turadigan mamlakatlardan sanaladi.
Statistika agentligining 2022 yil oktyabrda e`lon qilingan ma`lumotida O`zbekistonda eng kam daromad sog`liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar (2,51 mln so`m) va ta`lim (2,59 mln so`m) sohalarida qayd etilgan.