«O`zbekistonda pedofillar ro`yxati yuritilmaydi, statistikalar esa yopiq...»

06.02.2023 12:12

«Prezident ochiqlik siyosatini olib boryaptimi, bu raqamlar ochiqlanishi kerak»

12 yoshli qizaloq bilan sodir bo`lgan voqeadan so`ng jamoatchilik faollari bolalar va ayollarga nisbatan zo`ravonlikni to`xtatish uchun qonunlar takomillashuviga behad ehtiyoj borligini bildirmoqda.

Rost24.uz muxbiri ayni masalada Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xodjaeva fikri bilan qiziqdi.

Uning aytishicha, Ichki ishlar vazirligi bolalar va ayollarga nisbatan zo`ravonlik jinoyatlariga doir statistikani oshkor qilishi shart.

- Agar statistika bo`lsa edi, biz bilardik haqiqiy ahvol qandayligini. Bugun dunyoda 120 million ayol zo`ravonlik qurboniga aylangan va O`zbekiston ham bundan holi, deya olmaymiz. Chunki biz bu borada aniq raqamlarni bilmaymiz. Hozir mana ochiqlik siyosati. Prezident ochiqlik siyosatini olib boryaptimi, men o`ylaymanki, bu raqamlarni barcha tuzilmalar ochiq berishlari kerak. Agar bu borada shaffoflik bo`lsa, ochiqlik bo`lsa, raqamlar oshkor qilinganida edi, qonunlarni tahlil qilib ko`rishimizga imkon bo`lardi, - deydi u.

Sayyora Xodjaeva aholining o`lim jazosi borasidagi taklifiga quyidagicha munosabat bildirdi:

-2005 yilda O`zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov o`lim jazosini bekor qilish bo`yicha farmon chiqardi va bu Andijon voqealaridan keyin albatta, bir siyosiy qadam edi. Chunki O`zbekiston o`shanda har taraflama sanksiyalarga botib ketgandi. Nima uchun men, o`lim jazosi haqida gapirishga qaror qildim, chunki ijtimoiy tarmoqlarda bu borada muhokamalar to`lib ketdi. Ammo O`zbekiston hozir xalqaro hamjamiyatga a`zo bo`lgan, shunday ekan, buni qaytarish noto`g`ri.

Mayli, o`lim jazosi yo`q, ammo kastrasiya, degan jazo bor. Qozog`iston buni 2020 yilda joriy qildi, Qirg`iziston hozir ko`rib chiqyapti. O`zbekiston esa arzimagan 3-5 yil yoki 360 soat majburiy jamoat ishlari bilan cheklanmoqda. Bu juda kam.

Shuningdek, huquqshunosning ma`lum qilishicha, bugun O`zbekistonda pedofil jinoyatlarga nisbatan reestr (ro`yxat) yuritilmaydi.

- Xalqaro hamjamiyatning asosiy qonunchiliklarida pedofiliyaga moyil odamlarning lavozimda ishlashiga cheklovlar bor. Bizda ham bu borada taklif kiritilgan, ammo hali qonunchilikda biror o`zgarish yo`q- deydi u.

Batafsil videoda ko`ring:

Maftuna Karimova

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар