Yo`llar ta`mirlanishi uchun hamma joydan Prezident o`tishi kerakmi?

03.02.2023 08:54

Topshiriq bor, qaror bor, lekin u bajarilmaydi.

Surxondaryoda prezident o`tgan yo`l ta`mirlanib, qolgani tang ahvolda qolmoqda. 2019 yilda Prezident tashrifi chog`ida yo`l ta`mirlanishi kerakligi vazifa sifatida berilganiga qaramay hamon u bajarilgan emas.

rost24.uz portaliga Surxondaryo viloyati Qumqo`rg`on tumanidan murojaat kelib tushdi. Qumqo`rg`on tumaniga Vazirlar mahkamasining qarori, Prezidentning topshirig`i etib bormaydimi? Aholini qiynab kelayotgan, masofasi 19 km bo`lgan yo`l hamon ta`mirtalabligicha qolmoqda. Unda aytilishicha, tuman hududidan o`tuvchi 4R-105 «Darband-Boysun-Elbayon» avtomobil yo`lining 70-89 km qismidan foydalanish qiyinchilik tug`dirmoqda.

Ta`mir uchun mablag` ajratilgan, ammo...

Biz vaziyatni o`rganib chiqish jarayonida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15 oktyabrdagi 871-sonli qarori bilan tanishdik. Unda, Surxondaryo viloyatining Qumqo`rg`on tumanida yo`l-transport infratuzilmasi tizimini yaxshilash va elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi hamda aloqa tarmoqlarini rekonstruksiya va modernizasiya qilish nazarda tutilgan. Shu sababli, 4R-105 «Darband-Boysun-Elbayon» avtomobil yo`lining 70 — 79 km oralig`idagi ta`mirtalab qismlarini joriy ta`mirlash uchun Respublika byudjetidan mablag` ajratilgan.

2019 yilda Prezident ta`mirlash bo`yicha topshiriq bergan

Shuningdek, Prezidentning 2019 yil 17-18 oktyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga bo`lgan tashrifi chog`ida ham 4R-105 «Darband-Boysun-Elbayon» avtomobil yo`lining Qumqo`rg`on va Sho`rchi tumanlari hududidan o`tgan 70-89 km qismini 2020 yilda joriy ta`mirlash vazifasi berilgan edi. Ammo, prezident bergan vazifa oradan ikki yil o`tsada, bajarilgan emas.

Murojaatchilarning ma`lum qilishicha, yo`llar qisman ta`mirlangan va 2/3 qismi esa ta`mirtalab holicha tashlab qo`yilgan. Bu muammo bir necha bora ko`tarilgan, hokim qabuliga bir necha martalab borilgan, ammo natija yo`q. Bu avtomobil yo`lidan 8 ta mahalla fuqarolari foydalanadi. Tumanning To`da, G`alaba, Sherozi, Cho`kirli mahallalari hali asfalt qilinmagan, Islomobod mahallasining hududidan o`tuvchi yo`lning esa yarmida ishlar yakunlanmasdan qolib ketgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
7
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар