Energetika vazirligi joriy yilning 2 fevralidan gaz quyish shoxobchalarining ish boshlashini xabar qilgan edi.
Ammo, hali ham vaziyat o`nglanmadi. Toshkent shahrida joylashgan AYoQShlarni kuzatgan Rost24.uz muxbirlari ahvol o`zgarmaganiga guvoh bo`ldi.
Soatlab navbatda kutayotgan haydovchilar nima demoqda?
— 2 soat bo`ldi kelganimga, benzin yo`q deyishyapdi. Kutib o`tiribmiz ilojsiz.
— Haydovchilik qilib kun ko`raman. Uyga bitta «buxanka» olib borolsam xursand bo`laman.
— Xabarlarga ishonch qolmagan, hali beri vaziyat o`nglanmasa kerak.
— Oyni o`n beshi yorug` bo`lsa, o`n beshi qorong`u…
Hatto yoqilg`i yo`q bo`lsa-da yuzlab haydovchilar kutish bilan band. Ikki oydirki, avtomobil haydovchilarining asosiy vaqti yoqilg`iga navbatda turish bilan o`tib ketmoqda.
Ma`lumot o`rnida, «O`zbekneftgaz» AJ yanvar oyida 8.4 ming tonna yuqori oktanli avtobenzin import qilganini ma`lum qildi. 1 fevral holatiga ko`ra Jamiyat tasarrufidagi neft bazalari va neftni qayta ishlash zavodlarida 42,1 ming tonna avtobenzin qoldiqlari borligi aytilgandi.