Kecha “Xalqaro press kulb”ning hashamatli binosida xotin-qizlar huquqlarini himoya qiluvchi mas`ullar balandparvoz hisobotlar haqida gap sotayotganda Toshkentda 12 yoshli qiz pedofiliya qurboni bo`ldi.
Yig`inda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Gulnora Ma`rufova esa qizchaning ota-onasiga sabr tilashdan narisiga o`tmagan. "Bunday holat hech kimning boshiga tushmasin. Qizchaning ota-onasiga ham to`zim bersin, bu juda og`ir holat" , degan u.
Jamoat faollariga ko`ra, hodisa sababi — O`zbekistonda pedofiliyaga qonunchilikda engil jazolar belgilangani bilan bog`liq. Xususan, bloger Shahnoza Soatova pedofiliyaga qonunchilikda javobgarlik belgilangani, biroq aslida yanayam jiddiy choralar, jinoyatning oldini olish mexanizmlari kerakligi, reestr, kimyoviy kastrasiya, risk guruhlari bilan maqsadli ishlashni kuchaytirish zarurligini bildirmoqda.
Shu o`rinda, deputatlarlarga nisbatan jiddiy savol tug`iladi – nimaga shu kungacha bu borada tayinli ish olib borilmagan?
Pedofiliya bo`yicha "yumshoq supurgi" qonunlarni taklif qilgan deputatlarning o`zi bunday og`ir jinoyat haqida tasavvurga egami?
O`ZBEKISTONDAGI QONUNChILIK
2021 yilda O`zbekistonda voyaga etmagan shaxslar bilan jinsiy aloqada bo`lganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytiruvchi jazo belgilangandi.
Hujjatga ko`ra, Jinoyat kodeksining 128-moddasiga (o`n olti yoshga to`lmagan shaxs bilan jinsiy aloqada bo`lish) o`zgartirish kiritilgan. Unda o`n olti yoshga to`lmagan shaxs bilan jinsiy aloqada bo`lganlik uchun qaysidir ma`noda jazo kuchaytirilganday bo`ldi va jazo sifatida bor-yo`g`i 480 soat jamoat ishlari yoki 3 yil axloq tuzatish ishlari qayd etildi. Ungacha O`zbekistonda pedofillar 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki olti oygacha qamoq yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanib kelingan.
Shu o`rinda yana deputatlarimizga yuzlanamiz — bu o`zgartirishni kuchaytirish, deb atash mumkinmi?
Ma`lumot uchun, hatto Rossiyada pedofiyallar Qozog`istondagi kabi 20 yilgacha qamoq yoki umrbod qamoq jazosi bilan jazolanishi mumkin. Bundan tashqari, sud huquqbuzarni majburiy davolanishga, jumladan, kimyoviy kastrasiyaga yuborishi ham mumkin.
Shuningdek, pedofiliya uchun o`lim jazosiga dunyoning 57 davlatida rasman ruxsat berilgan. Qatlning asosiy turlari — osib qo`yish, otishma, o`ldiradigan in`eksiya, boshini kesish va elektr stul kabilar.
Pedolfillarni qatl qilish Xitoy, Lotin Amerikasi, Eron, Iroq, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni va ba`zi sharqiy mamlakatlarda qo`llaniladi. Bu borada eng og`ir jazo Afrikada bo`lib, bolalarga qilingan zo`ravonlik uchun bu mamlakatda pedolfiyalar tiriklayin yoqib yuboriladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiev o`z sahifasida holat bo`yicha “Qonunchilikda aybdorni jazolash choralarini yanayam kuchaytirishni nazarda tutuvchi o`zgarishlar kerakmi, deya savol qo`ygan. —Biz bunga kirishamiz, qonunchilikda belgilangan eng og`ir jazo turini belgilash bo`yicha ishlaymiz. Bu haqda gap-so`z bo`lishi mumkinmas. Biz bolalarimizni begona, yovuz niyatli kishilardan ehtiyot bo`lishga o`rgatishimiz shart”, deb yozadi deputat.
Bizda esa ularga nisbatan yanada jiddiy savollar tug`iladi: qachon, yana qancha bolalar pedofillarning qurboni bo`lganidan so`ng masalaga e`tibor qaratmoqchi edingiz?!
Maftuna Karimova