Azizlar tongdan Mirkomilboy haqida kuymalanib necha saytlarni titkiladim. Bir narsani FV sahifamga joylagan bo`lib qadrdon talabalarim sari yugurdim.
Ayni tushlik vaqtida Rost24.uz tadbiriga yo`l oldim. Shunday iliq davraki, birorta yuzi issiq bo`lmagan odamni ko`rmadim. Jahondagi va mamlakatimizdagi hamma tanigan o`zbek jurnalistlarining eng sara va ulug`larini ko`rish, taniqli blogerlar ular bilan ko`rishish imkoniyati! Hamma yuqori kayfiyatda millat asrlar orzu qilgan birlik kunini orzuqib kutayotgandek edi.
Tadbir tashabbuskori Anoraxon o`z so`zini barchaga “rost gapirtiradigan choy” ichirganidan boshladi. Yil davomida o`z vazifasini rostakamiga olib borgan qahramonlar birin ketin minbarda o`z mukofotlarini ola boshladi. Men ikki nuqtada aqldan ozar darajada hayojonga tushdim. Birinchi sahnada buyuk Cho`lponning “Go`zal Turkiston” madhiyasi jonli ovozda jarangladi.
Go`zal Turkiston, senga ne bo`ldi?
Sahar vaqtida gullaring so`ldi.
Chamanlar barbod, qushlar ham faryod,
Hammasi mahzun. Bo`lmasmu dil shod?
Bilmam ne uchun qushlar uchmas bog`chalaringda?
Birligimizning tebranmas tog`i,
Umidimizning so`nmas chirog`i.
Birlash ey xalqim, kelgandir chog`i,
Bezansin endi Turkiston bog`i.
Qo`zg`al, xalqim, etar shuncha jafolar!
Ol bayrog`ingni, qalbing uyg`onsin,
Qullik asorat – barchasi yonsin.
Yayrab, yashnab o`z Vataning gul bog`laringda!
O`zbekiston bayrog`i sahna chetida ham har birimizning qo`limizda ham hilpiradi. Oldimda istefodagi polkovnik Shokir Dolimov, yonimda tibbiyot olimi qahramon Zarif Ibodullaev bir hayolimga tik turib, ularning qo`lidan tutib bor ovozim bilan kuylagim keldi. Ammo hali bu darajada birdamlikka erisholmaganimizdan afsuslanib, tik turgan holda yuqoridagi Turon madhiyasini hazin kuylashga tutindim.
Monitorda milliy qahramonlarimiz Behbudiy, Munavvarqoridek millat ustozlari, Ibrohimbek Laqay, Muhammad Aminbek, Shermuhammadbekdek g`oziylarimiz, mufti Sadriddinxon, Nosirxon to`ramdekdek ulamolarimiz surati aylanib turdi.
Ikkinchi larza zamonamizning Cho`lponi Shahriyor Shavkat sahnada ayol matonatiga bitgan ash`orini o`qidi. Monitorda kuni kecha biz saqlab qololmagan, doridan vafot etgan mas`um go`daklarning, yig`idan shishib ketgan baxtsiz onalar suratlari, battol mal`unlarining qo`lidan 15 yosh farzandining murdasini olgan ona! Ko`ksida qalbi bor har qanday insonni dahshatga soladigan mash`um sahna. Aslida, bu bizning oynadagi bugungi haqiqiy aksimiz edi! Shu joyida chiday olmay iqtidorli shoir Rahmat Bobojon bilan bir ko`chaga aylanib o`zimizga kelik tadbirga qaytib kirdik.
Bir finjon qahva atrofida “Xalq bilan birlik” nominasiyasi g`olibi qoraqalpog`istonlik bovurimni qutlab bag`rimga bosdim. Anchadan buyon ko`rishishni orzu qilib yurgan Navbahor Imomova bilan ikki daqiqa suhbatlasha oldim. Men ming yildan buyon tanigan qadrdonimni, sirdoshimni ko`rgandek bo`ldim, qoniqdim.
Bularning barchasi aslida buyuk o`zgarishlarning ibtidosidir!