Bir yilda 3 mingdan ko`p amaldor jinoiy javobgarlikka tortilgan

31.01.2023 22:39

Ularning davlatga keltirgan ziyoni esa 1 trilliondan ortiq

Bu raqamlar e`lon qilingan bir vaqtda O`zbekistonning xalqaro korrupsiyaga oid reytingdagi mavqeyi yaxshilangani ham ma`lum qilingan.

O`zbekiston Bosh prokuraturasi mansabdor shaxslar jinoyatchiligi tahlilini taqdim etdi. 

Unga ko`ra, 2022 yil davomida respublika bo`yicha jami 2.965 ta jinoyat ishi bo`yicha 3.116 nafar mansabdor shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning katta qismi ya`ni 2.742 nafari quyi tashkilotlarda, aniqroq aytganda tuman (shahar) miqyosidagi idora va tashkilotlarda faoliyat yuritgan.

Respublika darajasidagi amaldorlardan 110 nafar, viloyat miqyosdagi mansabdorlardan esa 264 nafari qo`lga tushgan.

Jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning 2.103 nafari o`zganing mulkini o`zlashtirish va rastrata yo`li bilan talon - toroj qilish, 265 nafari mansab mavqeyini suiiste`mol qilish, 243 nafari firibgarlik, 169 nafari poraxo`rlik, 51 nafari mansab soxtakorligi, 22 nafari mansabga sovuqqonlik bilan qarash, 14 nafari mansab vakolati doirasidan chetga chiqish va 249 nafari boshqa jinoyatlarni sodir etishgan.

Mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1 trln. 12 mlrd. so`m miqdorida moddiy zarar etkazilgan bo`lib, tergov jarayonida ushbu zararning 847 mlrd. so`mi undirilgan.

Ma`lumot uchun: Bugun Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi Transparency International tomonidan e`lon qilingan 2022 yilgi Korrupsiyani qabul qilish indeksi bo`yicha O`zbekiston pozisiyasi yaxshilanganini quvonarli xabar sifatida bo`lishgan edi.

Unga ko`ra 180 ta davlat orasida O`zbekiston 31 ball bilan 126-o`rinni egalladi.

«Ahamiyatlisi, mamlakatimiz ballarini 3 taga oshirib, o`rnini 14 pog`onaga yaxshilashga (2021 yilda 140 o`rin) muvaffaq bo`ldi», deyiladi agentlik xabarida.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар