Bugun, 2023 yil 31 yanvar kuni, Buxoro viloyat sudi binosida 2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda ayblanayotgan 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni tugab, sud hukmi e`lon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi Qoraqalpog`iston Respublikasi sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati sudyasi Elubay Abibullaev raisligida birinchi instansiya sudida ko`rib chiqildi.
E`lon qilingan sud hukmiga ko`ra:
Salamat Kalilaev Jinoyat kodeksi (JK)ning 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi (engilroq jazo tayinlash) qo`llanilib, 3 yil ozodlikdan maxrum qilish jazosiga sudlanib, JKning 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog`i vaqtini hisobga olish qoidalari) ga asosan dastlabki uy qamog`ida o`tirgan 6 oy 4 kuni tayinlangan jazodan chegirilib, o`tash uchun 2 yil 5 oy 26 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilib, JKning 72-moddasi (shartli hukm qilish) qo`llanilib, jazo 3 yil sinov muddati bilan shartli deb belgilandi;
Berdax Genjebaev JKning 164-moddasi (bosqinchilik) 2-qismi “b” bandi, 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast etkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi “a” bandi va 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo`llanilib, JKning 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga sudlanib, JKning 62-moddasi tartibida, dastlabki qamoqda saqlangan 1 oy 19 kuni chegirilib, o`tash uchun 4 yil 10 oy 11 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilib, unga nisbatan qo`llanilgan uy qamog`i extiyot chorasi bekor qilindi.
Nurlan Sultamuratov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo`llanilib, 3 yil;
Polat Nurniyazov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo`llanilib, 4 yil;
Qaharman Seytimov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo`llanilib, 5 yil;
Saipnazar Kalimov bilan Arslan Temirxanov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo`llanilib, xar biri 6 yildan;
Polat Shamshetov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 45 (muayyan huquqdan mahrum qilish), 57-moddalari qo`llanilib, 3 yil mansabdorlik lavozimlarida va ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 6 yil;
Amirbek Adilbekov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo`llanilib, 7 yil;
Baxtiyar Kadirbergenov JKning 244-moddasi 3-qismi va 277-moddasi (bezorilik) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo`llanilib, JKning 59-moddasi tartibida 7 yil;
Seydabulla Medetov bilan Nurlan Naypov JKning 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “a”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo`llanilib, JKning 59-moddasi tartibida, xar biri 7 yildan;
Razbek Bekmuratov JKning 244-moddasi 3-qismi va 247-moddasi (o`qotar qurolni, o`q-dorilarni, o`qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo`llanilib, JKning 59-moddasi tartibida 8 yil;
Sultanbek Kaipov JKning 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo`llanilib, JKning 59-moddasi tartibida 8 yil;
Dao`letmurat Djiemuratov JKning 159-moddasi (O`zbekiston Respublikasining konstitusiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi bilan aybsiz deb topilib, Jinoyat-prosessual kodeksi (JPK)ning 83-moddasi (reabilitasiya asoslari) 3-bandiga asosan oqlanib, JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo`llanilib, 8 yil;
Bayram Seytniyazov JKning 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo`llanilib, JKning 59-moddasi tartibida 8 yil;
Allabay Toqimbetov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo`llanilib, 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazolariga sudlandilar.
Ozodlikdan maxrum qilish jazosiga sudlanganlarga nisbatan tayinlangan jazo muddatlarini ular qamoqqa olingan kundan boshlab hisoblanishi belgilanib, jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o`tash belgilandi.
Azamat Nuratdinov JKning 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo`llanilib, JKning 59-moddasi tartibida 5 yil, JKning 62-moddasiga asosan dastlabki qamoqda o`tirigan 6 oy 13 kuni chegirilib, o`tash uchun 4 yil 5 oy 17 kun;
Axmet Smetullaev JKning 159-moddasi 4-qismi bilan aybsiz deb topildi va oqlandi, JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo`llanilib 5 yil, JKning 62-moddasiga asosan dastlabki qamoqda o`tirigan 6 oy 22 kuni chegirilib, o`tash uchun 4 yil 5 oy 8 kun;
Azamat Turdanov JKning 159-moddasi 4-qismi bilan aybsiz deb topildi va oqlandi, JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 45, 57-moddalari qo`llanilib 3 yil mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil, JKning 62-moddasiga asosan dastlabki qamoqda o`tirigan 6 oy 25 kuni chegirilib, o`tash uchun 4 yil 5 oy 5 kun ozodlikni cheklash jazosiga sudlandilar.
Ozodlikni cheklash jazosiga sudlangan A. Nuratdinov, A. Smetullaev va A. Turdanov sud zalida qamoqdan ozod qilindi.
Lolagul Kallxanova JKning 159-moddasi 4-qismi, 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a”, “b”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo`llanilib, JKning 59-moddasi tartibida 8 yil ozodlikdan maxrum qilish jazosiga sudlanib, JKning 62-moddasiga asosan dastlabki qamoqda o`tirgan 6 oy 24 kuni tayinlangan jazodan chegirilib, o`tash uchun 7 yil 5 oy 6 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilib, JKning 72-moddasi qo`llanilib,jazo 3 yil sinov muddati bilan shartli deb belgilanib, sud zalida qamoqdan ozod qilindi.
Dauletmurat Tajimuratov JKning 159-moddasi 4-qismi, 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a”, “b”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 59-moddasi tartibida 16 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanib, jazoning dastlabki 2 yilini turmada, qolgan qismini qattiq tartibli koloniyada o`tash belgilandi.
Shuningdek, sudlanganlar D. Tajimuratov, L. Kallxanova, A. Turdanov, A. Smetullaev va D. Djiemuratovning aybidan JKning 28,104-moddasi 3-qismi “a” bandi, sudlanganlar R. Bekmuratov bilan S. Kaipovning aybidan JKning 104-moddasi 3-qismi “a” bandi (ushbu xarakatlar JKning 244-moddasi 3-qismi bilan qamrab olinganligi sababli), sudlangan A. Nuratdinovning aybidan JKning 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi (qo`yilgan ayblov o`z tasdig`ini topmaganligi sababli) chiqarildi.
Bundan tashqari, sodir etilgan jinoyatlar oqibatida etkazilgan 6,8 milliard so`mdan ortiq zararning 256 million so`mi qoplanganligi inobatga olinib, qoplanmagan 6,5 milliard so`mdan ziyod miqdordagi moddiy zararlarni sudlanganlardan solidar tartibda undirish, o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilingan 228 million so`m zararni sudlangan D. Tajimuratovdan undirish, sudlanganlarga tegishli bo`lib jinoyat ishi doirasida xatlovga olingan mol-mulklarni keltirilgan zararni qoplashga qaratish belgilandi.
Mazkur hukmdan norozi taraflar Qoraqalpog`iston Respublikasi sudi orqali Oliy sudning Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasiga prosessual qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda shikoyatlar berishga, prokuror esa protest bildirishga haqli ekanligi ma`lum qilinadi.
Shuningdek, jinoyat ishini tergov qilish davomida yo`l qo`yilgan ayrim xato-kamchiliklarga nisbatan xususiy ajrim chiqarildi.