“Rost24.uz" tashkil etgan "Yil tanlovi – 2022" marosimi O`zbekiston uchun tarixiy voqea bo`ldi

30.01.2023 11:19

“Rost24” tahririyati tashkil etgan "Yil tanlovi – 2022" marosimi O`zbekiston uchun tarixiy voqea bo`ldi. Ushbu tadbirga yo`l qo`yilishining o`zi, unda turli, bundan bir necha yil avval hatto nomi tilga olinmaydigan tashkilot va OAV vakillarining ishtirok etishini, ulardan ayrimlarining o`z yo`nalishi bo`yicha g`olib deb tan olinishini tasavvur ham qila olmasdik.

Bu juda muhim va ibratli tadbir bo`ldi va agar “tug`ildi-yu bo`g`ildi” prinsipi amal qilmasa, aniqrog`i, amaldorlar ushbu tashabbusni bo`g`ishdan o`zini tiya olsa, haqiqiy jonkuyarlar, fidoyilar uchun ma`naviy rag`bat eshiklari ochilgan bo`lardi.

Aslida, rivojlangan demokratik mamlakatlarda jurnalistlarni, ijod ahlini, ijtimoiy faol shaxslarni davlat emas, jamoat tashkilotlari qo`llab-quvvatlaydi, rag`batlantiradi, mukofotlaydi. To`g`ri-da, mukofot hukumatga, u erda o`tirgan amaldorlarga yaxshi ko`rinish yo`lida harakat qilganlarga emas, xalqqa xizmati singanlarni rag`batlantirish uchun beriladi.

Misol uchun jurnalistika sohasini oladigan bo`lsak, rivojlangan mamlakatlarda alohida xizmatlari uchun hamkasblarimizni jamoat tashkilotlari mukofotlaydi. Masalan, eng og`ir va xavfli yo`nalish bo`lgan jurnalist tekshiruvi bo`yicha faoliyat yurgizgan jurnalistlarni rag`batlantirish uchun turli davlatlarda bir nechta jamoat tishkilotlari tomonidan mukofotlar joriy etilgan.

Xorijdagi eng nufuzli mukofotlardan biri Pulitser nomi bilan ataladi va jurnalistika, adabiyot, musiqa hamda teatr sohasidagi sara asarlar mualliflariga 1917 yildan berib kelinmoqda.    

O`zbekistonda bundan 25 yil avval xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi, turli fondlar tomonidan jurnalistlar uchun tanlovlar o`tkazish an`anaga kira boshlagan edi. Har yili 3 may – Jahon matbuot erkinligi kuni faol jurnalistlar mukofotlanardi. Ularni aniqlashda o`sha tashkilotlar tomonidan tuzilgan jyuri xolisona xizmat qilardi. Jyuri tarkibi Karim Bahriev, A`lo Xo`jaev, Gulnora Bobojonova, Amirqul Karimov va boshqa qo`li bulg`anmagan toza insonlardan iborat edi.  

Xalqaro tashkilotlar, fondlar mamlakatimizdan quvilgandan so`ng “Oltin qalam” nomi ostida o`zimizga xos va mos tanlov o`tkazila boshlandi. Agar chorak asr davomida o`tkazilgan tanlovlar va ularning qanday tashkil etilganligi, nechtasida qatnashish uchun maqolalarimni tavsiya qilganligim, o`sha davrdagi Jurnalistlar uyushmasi raislarining munosabati haqida yozadigan bo`lsam, bitta kitob bo`ladi. Hozir bunga to`xtab o`tirmayman. Ammo hozirgi yoshlar, jumladan, "Yil tanlovi – 2022" tadbirini o`tkazganlar bilishi, qanday ishlar bo`lganligidan xabardor bo`lishi uchun bir vaqt bu haqda gapirish lozimdek, nazarimda.

Qaniydi, "Yil tanlovi – 2022" mamlakatimizda yangi davrni boshlanishiga ishora bo`lsa! Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov ushbu tadbir muhim ijtimoiy va siyosiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etib, parokanda jamiyatimizni birlashtirayotganligini ta`kidlaydi. “Bir so`z bilan aytganda, bu tadbir O`zbekiston xalqi va davlatini ishonch ko`prigi orqali boshg`lashga intilmoqda. So`z va axborot tashabbusini O`zbekistonni ichida, aynnan hokimiyatga eshitarli holda parvarishlashga qaratilgan missiya rolini o`ynamoqda”,  – deydi siyosatshunos.

Eng muhimi, davlatga tobe tashkilotlar tomonidan o`tkazilgan tanlov g`oliblarini aksariyat hollarda oddiy odamlar, jamiyat tan olmasdi, ko`p hollarda "Davlat tomonidan taqdirlanganlar – unvonlar, ordenu medallar olganlarining hammasini ham bilamizmi?” degan savol o`rtaga tashlanardi. "Yil tanlovi – 2022" haqida so`z yuritganlarning barchasi "Haqiqatdan ham mukofot o`z egasiga topshirilibdi”, demoqda. Jamiyatning mukofotlanganlarga nisbatan munosabati o`zgarganini qarang!

OXIRIDA AYTADIGAN SO`ZLARIM. Men mahalla raisi sifatida asosiy vaqtimni mahallamiz aholisi ishonchini oqlashga sarflayapman. Imkon qadar, vaqt topib, ijtimoiy muammolarni keng jamoatchilik hukmiga havola etishga intilyapman. Aftidan, ushbu faoliyatim "Yil tanlovi – 2022" tanlovi tashkilotchilari talab darajasidan past bo`lgandir. Hech gap emas. Odam nimaga qodirligini har kun, muntazam ko`rsata bilishi kerak. Shunday emasmi?

Toshpo`lat Rahmatullaev

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар