Biz aksariyat deputatlarimizni asosan ma`naviyat targ`ibotchilari sifatida bilamiz. Ular o`z telegram va feysbuk sahifalarida o`ta rasmiy ma`lumotlar, umumiy harakterga ega bo`lgan mulohazalarni bo`lishish bilan cheklanadilar.
Rost24.uz axborot sayti boshqa deputatlardan farqli o`laroq jinsiy quvvatni oshiruvchi tabiiy vositalarni reklama qilayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatini topdi va u haqda maqola e`lon qildi.
Deputat Ural O`razboevning o`z kanalida jinsiy quvvatni oshiruvchi tabiiy vositasini reklama qilishi haqida material e`lon qilingach, u bizga murojaat bilan chiqdi. Ural O`razboevning aytishicha, o`zining shaxsiy kanalida reklama qilgan mahsulot immunitetni ko`taruvchi vosita hisoblanadi. U mazkur vositani o`z otasi uchun sotib olgan.
Shuningdek, deputatning iddao qilishicha, u o`z shaxsiy kanalida qanday vositalarni targ`ib qilishi uning shaxsiy ishi hisoblanadi.
Deputat reklama qilgan vosita otasini davolashda yaxshi samara bergan immunitet ko`taruvchi vosita ekanini aytib da`vo qilmoqda. Ammo, Ural O`razboev kanalida “Jenshen” vositasi jinsiy quvvatni oshiruvchi vosita sifatida tavsiya qilingan edi.
Qiziq, xalqning parlamentdagi vakili bo`lgan shaxsning ijtimoiy tarmoqdagi kanali qanchalar shaxsiy bo`lishi mumkin? Qonunchilik palatasi vakili jamoatchilik e`tiboridagi shaxs emasmi? Uning qaysidir maxsulotni reklama qilishi qonunchilikka to`g`ri keladimi? Parlament vakilining telegram kanalidagi ma`lumotlar u faoliyat yuritayotgan rasmiy joy obro`siga putur etkazmaydimi?
Bu savollarga faol deputatlar yoki Qonunchilik palatasining matbuot kotibi javob beradi, degan umiddamiz.