O`zbekiston sog`liqni saqlash vaziri Amirullo Inoyatov «Dok-1 Maks» dori preparati bilan bog`liq fojiali voqealarda shifokorlarning aybi yo`qligini aytmoqda.
Vazir bu haqda O`zAga bergan intervyusida ma`lum qilgan.
“Aniq ayta olamanki, bu birgina shifokorlarimizning aybi emas. Chunki bu preparatlarning boshqa davlatlardan bunday holatda kirib kelishi, zararli preparat bo`lib chiqqanligi biz shifokorlarning aybimiz emas. Bu masalada SSVda juda katta ishchi guruh tashkil qilinib, chuqur ilmiy o`rganilmoqda. Chetdan keladigan har qanday xavf-xatarga tayyor turishimiz, ogoh bo`lishimiz kerakligi o`zimiz uchun ham juda katta saboq bo`ldi. Lekin hozirgi holatda, mamlakatimizga aynan «Dok-1 Maks» preparati va «Ambronol» siroplarining qalbakisi kirib kelishi, uning tarkibida bunday zaharli moddalar bo`lishi shifokorlarimizning aybi emas. Muhimi, bu bilan bog`liq o`lim holatlarini deyarli to`xtatdik. Bugun haqiqatda ushbu doridan zaharlanib, davolanayotgan bolalarimiz bor. Bu oldingi boshqa zaharlanishlardan tubdan farq qiladigan zaharlanish bo`lganligi uchun ham zudlik bilan ilmiy, chuqur ichiga kirib, aniqlash ishlari olib borilyapti”, degan vazir.
Jurnalistning “Zaharli dori preparatlari partiyasining O`zbekistonga kirib kelishiga aynan Sog`liqni saqlash vazirligi, vazirlik mutasaddisi sifatida siz ham mas`ul emasmidingiz?”, degan savoliga vazir Inoyatov o`zi ham mas`ul bo`lganini inkor etmadi.
“Albatta, mas`ulmiz. Juda ham to`g`ri savol berdingiz. Buning uchun bizda Farmagentligi tashkiloti bor. Ushbu Farmagentlik bugun huquq tartibot organlari tomonidan chuqur tekshirilyapti. Bugun mamlakatimizga kirgan ayrim partiya preparatlari sertifikatlarining soxtalashtirilganligi to`g`risida faktlar aniqlangan. Bu uchun javobgarlik bor. Aybdorlarning hammasi qonun oldida ham, xalq oldida ham albatta, javob beradi”, degan SSV vaziri Inoyatov.