Antikorrupsiya agentligi sobiq Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mansabdorlariga nisbatan jinoiy ish qo`zg`atilganini rasman ma`lum qildi. Biroq bu davrga kelib sobiq vazir boshqa bir mansabda amaldor bo`lib ishlab yuribdi.
Katta miqdordagi korrupsiyalar aniqlanadi, lekin sen ma`lum muddat chetroqda turasan va yana ishlaringni davom ettiraverasan… Koruppisiyaga qarshi shunday kurashiladimi?
Ma`lum muddat Devonda ishlagan Dilmurod Nabievning orqasida kim bor? Nima uchun u rahbarlik qilgan joylarda korrupsion holatlar aniqlansa-da, Dilmurod Nabievning ularda javobgarligi ko`rib chiqilayotgani yo`q.
Bir vaqtlar Prezident devonida faoliyat yuritgan hozirda Qarshi davlat universiteti rektori bo`lgan Dilmurod Nabiev boshchilik qilgan qator tashkilotlarda korrupsiya holatlari aniqlangani aytilmoqda. Biroq, Dilmurod Nabievga nisbatan ham ish ochilganmi, u ham javobgarlikka tortilishi mumkinmi? Hozircha ushbu savollar noaniqligicha qolmoqda.
Prokuratura Dilmiruod Nabiev bo`yicha ma`lumotga ega emasligini bildirmoqda. Ammo, korrupsion holatlar bo`yicha allaqachon jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Bu holatlar bo`yicha javobgarlikka tortilgan mansabdorlar nomini yashirish, korrupsiyaga qarshi kurash shaffof olib borilmayotganini anglatadi.
Rost24.uz sayti Dilmurod Nabiev rahbarlik qilgan tashkilotlar bilan qiziqdi va u erdagi korrupsiyaga uning aloqadorligi bo`yicha surishtiruv o`tkazdi.
Vazirlikda o`zlashtirilgan milliardlar
Dilmurod Nabiev vazirlik qilgan davrda Jismoniy tarbiya va sport vazirligida yirik miqdordagi korrupsion holatlar aniqlangan. Shuningdek, u raislik qilgan volleybol federasiyasida ham prokuratura katta miqdordagi byudjet pullarini o`zlashtirish kuzatilgani haqida xabar bergan edi. Dilmurod Nabiev faoliyat yuritgan ikki tashkilotda ham katta miqdordagi byudjet pullari talon-taroj qilingani aniqlangan bo`lsa-da, shu vaqtgacha Nabievning javobgarlikka tortilgani haqida axborot berilgan emas. Nabiev Qarshi Davlat universitetida rektorlik lavozimida ishlab kelmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan quyidagi korrupsion holatlar aniqlanganini ma`lum qilgan edi.
2019 yilda Italiyaning Pediluko shahrida akademik eshkak eshish bo`yicha o`tkazilgan turnir hamda o`quv yig`ini mashg`ulotida O`zbekiston milliy terma jamoasining ishtirokini ta`minlash uchun davlat byudjetidan 334,0 mln so`m, 20.680 Evro va 1500 AQSh dollari ajratilgan. Biroq, o`rganishlar davomida ushbu xalqaro tadbirlar uchun sarflangan mablag`larni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi ma`lum bo`ldi.
Shuningdek, vazirlik tomonidan 2020 yilda byudjet mablag`lari hisobidan sport jihozlari sotib olish uchun “Mashxim” MChJ, “Arabboy sport” XK va “Sport jihoz lyuks” XKlari bilan 45 ta holatda 15 mlrd. so`mlik shartnomalar tuzilgan. O`rganishda 6 ta shartnoma bo`yicha sotib olingan 2,9 mlrd so`mlik jihozlarning foydalanish uchun tarqatilganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi aniqlandi.
Yuqorida qayd etilgan talon-tarojliklar aynan Dilmurod Nabiev (2018-2021) vazirlik qilgan davrlarga to`g`ri keladi.
Nabiev raisligidagi volleybol federasiyasida yana korrupsiya
Bundan tashqari, Bosh prokuratura tomonidan O`zbekiston volleybol federasiyasida ham katta talon tarojliklar qilingani fosh etilgan edi. Dilmurod Nabiev 2019 yilda volleybol federasiyasiga raislik qilgan.
Prokuratura xabarida aynan sobiq Jismoniy tarbiya va sport vazirining buyrug`iga asosan, Federasiyaga 54 nafar sportchilar bilan 23 kunlik o`quv-mashg`ulot yig`ini o`tkazish uchun byudjetdan 445 mln. so`m ajratilgan bo`lsa-da, amalda 10 kun o`quv-mashg`ulot yig`ini o`tkazilib, 231 mln. so`m byudjet mablag`lari o`zlashtirilgani aytiladi.
Va yana terma jamoa va uning zaxirasi tarkibiga kiritilmagan 29 nafar sportchini turli sport yig`inlariga yuborilib, 75 mln. so`m mablag`lar asossiz sarflangani ham aytilgan.
Biroq, bu talon tarojliklardan keyin ham Dilmurod Nabievga nisbatan hech qanday ish ochilmadi. Bir tashkilot katta korrupsiyaga yo`l qo`ysa-yu, rahbarning bunda aloqasi bo`lmasligi mumkinmi? Bu kamida uni boshqaruvni eplolmaganini anglatmaydimi? Ammo, shundan keyin ham Dilmurod Nabiev faqat rahbar va mas`ul lavozimlarda ishlab kelmoqda.
Dilmurod Nabiev nima deydi?
Rost24.uz sayti o`tgan yili bir necha bor Qarshi Davlat universiteti matbuot kotibi bilan bog`langan hamda korrupsion holatlarda Nabiev qanchalar aloqadorligi bo`yicha ma`lumot olishga uringan. Matbuot kotibi savollarimizni ochiq qoldirgan. D.Nabievning rektor sifatidagi tarmoqlardagi sahifasiga ham bir necha bor savollar bilan qilgan murojaatlarimiz javobsiz qolgan.
Dilmurod Nabiev na matbuot kotibi va na sahifasi orqali bizga javob qilmagan. U hatto korrupsion ishlarga aloqasi yo`qligi bo`yicha ham axborot bermagan.
Eslatma, ayni damda sobiq jismoniy tarbiya va sport vazirligining ayrim mansabdorlariga nisbatan Prokuratura idoralari tomonidan Jinoyat kodeksi 167-moddasining 3-qismi, «a» bandi (Juda ko`p miqdorda o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.