Kuni kecha Rost24.uz saytida «Besh kundan beri gaz yo`q, bersa ham o`chib yonaveradi», xabari e`lon qilingan edi.
Unda Sirdaryo viloyati Xovos tumanida sodir bo`lgan chaqnashda aholi video orqali murojaat etgan ayol gazning muntazam o`chib yonayotgani bir oila boshiga tashvish tushishiga sabab bo`lganini aytgan.
Hodisa yuzasidan Sirdaryo viloyati FVB Axborot xizmatining e`lon qilgan ma`lumotiga qaraganda, 15 yanvar kuni soat 14:50 da Xovos tumani “Qahramon” MFY Qahramon ko`chasida joylashgan 7-sonli ko`p qavatli uyda gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo`lgan.
Xabarda, chaqnash natijasida binoga qisman zarar etgani aytilgan, lekin tasvirlardan holat jiddiy ekanini ko`rish mumkin.
Hodisa yuzasidan Sirdaryo viloyati hokimligi rasmiy axborot berdi:
Joriy yilning 15 yanvar kuni soat 14:50 da Xovos tumani “Qahramon” MFYda joylashgan 2 qavatli binoning 1-qavatida sodir bo`lgan gaz-havo aralashmasining chaqnashi oqibatida 2 ta xonadonning qurilish konstruksiyalariga shikast etgan.
Hodisa oqibatida ikki nafar fuqaro vafot etgan, bir nafar fuqaro tan jarohati olib, shifoxonaga joylashtirilgan.
Holat haqida xabar topgan viloyat hokimi hamda tegishli mas`ullar ham voqea joyiga etib bordi va vaziyat to`liq nazoratga olindi.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.