Oliy Majlis deputatlari esa nima uchundir buni sezishmayapti
Toshkent shahar IIB ma`lumotiga ko`ra, maktabda reydlar o`tkazilganda o`quvchilarning cho`ntaklarida «UzBAT» MChJ qo`shma korxonasida ishlab chiqarilgan «LYFT» markali, Hindistonda tayyorlangan «COOL LIP» nikotinli "snyus"lar topilgan.
Bunda o`qituvchilar ba`zi bir o`quvchilarning darsda o`zini g`alati tutishlarini: befarqlik, o`zlashtirishi pastligini qayd etadilar. Keyinchalik bunday xulq-atvor bu o`quvchilarning nikotinli "snyus" iste`mol qilishi bilan bog`liqligi aniqlangan.
***
Upa, shirinlik shaklida, yoqimli hid va ta`m beradigan vanil, shokolad, mentol ta`mli nikotinli mahsulotlar (nikotinli "snyus") bugun yoshlar orasida ommalashib bormoqda.
Afsuski, hozir tamaki mahsulotining bu yangi ko`rinishiga qarshi kurashishda qonunchiligimiz ojizlik qiladi. Bu nikotinli mahsulotlarning reklama va aksiyalariga ham aslida cheklovlar bo`lishi kerak. Lekin, do`konlarda ularni yorqin tarzda, ko`rinarli erga joylashtirilganiga guvoh bo`lamiz.
Yoshlar ko`p boradigan chakana savdo do`konlarida tamakili va nikotinli mahsulotlarni reklama qilish va sotuvlarini rag`batlantirish, mahsulotni shirinliklar, qandolat mahsulotlari va salqin ichimliklarga yaqin joylashtirish, ijtimoiy tarmoqlarda mashhur shaxslar va etakchilar tomonidan reklama qilinishi, o`yinlar va tanlovlar o`tkazilishi – bularning barchasi tamaki ishlab chiqaruvchilarning savdoga yoshlarni jalb qilishga qaratilgan ayyorona marketing usullaridir. Bu usullarni bizdagi mavjud qonunlar cheklay oladimi?
XO`Sh, NIKOTINLI "SNYuS"NING O`ZI NIMA?
O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligining Tamakiga qarshi kurashish bo`yicha bosh konsultanti Shuhrat Shukurovning ma`lumot berishicha, nikotinli "snyus", bu – yoshlar uchun yangi giyohvand modda.
«Ishlab chiqaruvchilarning ma`lumotlariga ko`ra, nikotinli "snyus" nikotin va sellyuloza aralashmasi asosida, stabilizatorlar, ta`mni shirin qiluvchilar, aromatizatorlar, konservantlar va boshqa qo`shimchalarni qo`shgan holda tayyorlanadi.
Iste`molchilar (ayniqsa o`smirlar), agar ushbu aralashmalar tarkibida tamaki bo`lmasa, uning zarari ham yo`q, shuningdek, ular chekishni tashlayotganda nikotinga qaramlikni engishda yordam beradi, deb ham hisoblaydilar. Ammo bunday emas!
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotlariga ko`ra, organizmga ushbu moddalarning ta`siri uning tarkibidagi kuchli narkotik ta`sirga ega bo`lgan va o`ziga qaramlikni keltirib chiqaradigan nikotin bilan bog`liq.
Bu xavfni geroin, kokainga qaramlik rivojlanishi xavfiga tenglashtirish mumkin, u alkogol va kannabis xavfidan yuqori», deydi Shuhrat Shukurov.
Mutaxassisning aytishicha, nikotinli "snyus" iste`molchilari kattagina bir martalik nikotin dozasini oladilar. "Snyus"ni shimish seansi 5 daqiqadan 1,5 soatgacha davom etadi. Bitta kuchli sigaretni chekishda nikotin «porsiya»si 1,0 mg.dan oshmaydi, chekish vaqti ham 3-5 daqiqadan ko`p emas, nikotinli "snyus"ni iste`mol qilganda esa bitta mahsulotda nikotin miqdori 20 mg.gacha etadi.
Uni iste`mol qilish usulida qonda nikotin miqdorining davomli va bir tekis taqsimlanishi nazarda tutilishi bois, nikotin dozalarining o`zlashtirilishi darajasi ham yuqoriroq.
Nikotin mahsulotlari tarkibidagi iforli qo`shimchalar (yalpiz, vanil, shokolad, tropik ta`mlar) hamda chiroyli ishlangan shakl (zamonaviy dizayn), shuningdek, hid yo`qligi yoshlarni ularni iste`mol qilishga rag`batlantiradi.
O`smirlik davri miya rivojlanishi uchun kritik davr hisoblanadi, miyaga nikotin ta`siri esa kuchli qaramlikka, xotira, bilim olish qobiliyatining pasayishiga va tahlikali nevrozlarga olib keladi.
Bundan tashqari, nikotin homiladorlikda homilaning rivojlanishiga salbiy ta`sir ko`rsatadi, yurak-tomir kasalliklari yuzaga kelishiga olib kelishi, o`smalar paydo qilishi shuningdek neyrodegenerativ kasalliklar rivojlanishida ishtirok etishi mumkin.
Bu mahsulot shvedlarning tamaki mahsuloti bo`lgan "snyus"ning analogi bo`lib hisoblanadi va og`iz bo`shlig`ida shimilishi bois, boshqa har qanday tamaki mahsulotlari kabi milk, suyak to`qimasi, tish bog`lamalarining buzilishiga, tishlarning barvaqt to`kilishi kabi saraton oldi holatlarga olib keladi, keyinchalik esa og`iz bo`shlig`i, til, lab, milk, hiqildoq, qizilo`ngach, oshqozon va oshqozon osti bezi saratoni rivojlanishi mumkin.
Bunday mahsulotlarda nikotin miqdori yuqori va iste`mol qilish vaqti davomli bo`lgani sababli, uni iste`mol qilganlarning yurak urishi chastotasi uzoq vaqt yuqori bo`ladi va sog`liqqa qo`shimcha xavf tug`diradi, shuningdek arterial bosim ko`tarilishi mumkin.
Ogohlikka undovchi jihat – nikotinli "snyus"ni iste`mol qilgan paytda va undan keyin hidning bo`lmasligi sababli bolalar va o`smirlar dastlab nikotinli "snyus" iste`mol qilayotganini ota-onasidan bemalol yashiradilar, ota-onalar esa ko`pincha farzandlari shubhali narsalarni iste`mol qilayotganidan gumon qilmaydilar. Shu tariqa yangi illat yoshlar o`rtasida tez tarqalib ketadi.
STATISTIK MA`LUMOTLARGA KO`RA...
Ba`zi bir ma`lumotlarga qaraganda, nikotinning bir marta qabul qilgandagi toksik dozasi chekmaydigan kattalarda 4-8 mg.ga teng, bolalar uchun esa, bu doza ichga qabul qilinganda o`limga olib keladi. Ko`pincha kattalar uchun nikotinning o`rtacha letal dozasi 30 dan 60 mg.gacha oraliqda (0,5 – 1,0 mg/kg), bolalar uchun – 10 mg.gacha ko`rsatiladi.
NIKOTINLI "SNYuS"NING O`ZBEKISTONDA TARQALIShI QAY DARAJADA?
Boshqa tamaki mahsulotlari kabi, nikotinli "snyus" ham do`konlarda, ko`chalarda sotilmoqda, sotuv joylarida sotuvlarni rag`batlantirish uchun uning kattalashtirilgan qutilari joylashtirilgan. Natijada ushbu mahsulot maktab o`quvchilari, o`smirlar o`rtasida ommalashib ketmoqda.
Toshkent shahar ichki ishlar organlari Bosh boshqarmasining Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi ma`lumotlariga ko`ra, umumta`lim muassasalarida reydlar o`tkazilganda maktab o`quvchilarining cho`ntaklarida «UzBAT» MChJ qo`shma korxonasida ishlab chiqarilgan «LYFT» markali, Hindistonda tayyorlangan «COOL LIP» nikotinli "snyus"lar topilgan.
Bunda o`qituvchilar ba`zi bir o`quvchilarning darsda o`zini g`alati tutishlarini: befarqlik, o`zlashtirishi pastligini qayd etadilar. Keyinchalik bunday xulq-atvor bu o`quvchilarning nikotinli "snyus" iste`mol qilishi bilan bog`liqligi aniqlangan.
"EPIDEMIYa"DAN QANDAY HIMOYaLANISh MUMKIN, MUTAXASSISLAR NIMA DEYDI?
Jahon Sog`liqni saqlash tashkilotining Tamakiga qarshi kurashish bo`yicha Hadli konvensiyasida shunday deyilgan: «Tamakiga qarshi kurashish bo`yicha jamoat sog`lig`ini saqlash siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda taraflar o`z siyosatini milliy qonunchilikka muvofiq tamaki sanoatining tijoriy va boshqa korporativ manfaatlaridan himoya qilish maqsadini ko`zlab harakat qiladilar» hamda «tamaki mahsulotlarining innovasion va yangi turlari iste`mol qilinishi boshlanishining oldini oladilar», bular qatoriga nikotinli "snyus" ham kiradi.
O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligining Tamakiga qarshi kurashish bo`limi chekilmaydigan (tutunsiz) barcha tamaki mahsulotlari turlarini olib kirish, ishlab chiqarish, aylanmasi, sotishni qonun bilan taqiqlashni taklif etmoqda.
Chekilmaydigan (tutunsiz) tamaki mahsulotlari, shu jumladan, nosvoy aylanmasi Singapurda hamda Qozog`iston, Rossiya, Tojikiston kabi qo`shni mamlakatlarda taqiqlangan.
Nikotinli "snyus" tarkibida nikotin bo`lgani bois kuchli narkotik qaramlikni keltirib chiqarishi bilan ham o`ta xavflidir.