Andijonlik zo`ravon IIB xodimlariga hukm o`qildi

27.11.2020 12:00

Shu yilning may oyida o`g`rilikda gumon qilingan fuqaro A. Abdukarimov Andijon shahar IIO FMB 4-sonli ichki ishlar bo`limining bir necha nafar xodimlari tomonidan qiynoqqa solinishi oqibatida vafot etganidan xabaringiz bor.

Katta shou-shuvga sabab bo`lgan mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilgani, shuningdek, tergov harakatlari yakunlanib, mazkur «qiynoq ishi» bo`yicha sud jarayoni boshlangani xabari ham berilgandi.

Bugun mazkur jinoyat ishi bo`yicha sud jarayoni yakunlanib, sudlanuvchilarga nisbatan hukm o`qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma`lum qilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi O. Arabov raisligida hamda sudyalar Z. Fayziev va Sh. Rajabovdan iborat sud tarkibida ko`rib chiqilgan ish yakuniga ko`ra, Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan aybdor deb topilgan quyidagi shaxslar:

  1. D.Hamraliev (Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB JQG tezkor vakili lavozimida ishlagan) 9 yil muddatga;
  2. Q.Qodirov (Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB JQG tezkor vakili lavozimida ishlagan) 10 yil muddatga;
  3. E.Rayimjonov (Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB JQG tezkor vakili lavozimida ishlagan) 10 yil muddatga;
  4. F.Husanboev (Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB JQG tezkor vakili lavozimida ishlagan)10 yil muddatga;
  5. P.Mamajonov (Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB bo`limi boshlig`i lavozimida ishlagan) 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Yana bir sudlanuvchi A. To`raqulov esa 1 yilga «kesildi».

Sudlanuvchilarning barchasi ma`lum muddatga muayyan huquqlaridan ham mahrum etilgan.

Bundan tashqari, jabrlanuvchi yoki uning qonuniy vakiliga jinoyat oqibatida etkazilgan moddiy va ma`naviy zararlarni undirish masalasida (tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda) fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqlari tushuntirildi, deyiladi Oliy mahkama matbuot xizmati xabarida.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар