Ortiqxo`jaev «hasad» qilgan Toshkentning yangi hokimi kim?

16.01.2023 12:32

Besh yildan buyon Toshkentni boshqarib kelayotgan tadbirkor hokim Ortiqho`jaevni o`rniga vaqtincha tayinlangan Baxtiyor Rahmonov tizimga chetdan kelgan odam emas. U uzoq yillar mobaynida hokimiyat tizimlarida ishlab keladi, qator tumanlarni ham boshqargan.  

Olmazor tumaniga hokimlikka tayinlanayotganda Jahongir Ortiqho`jaev unga «Baxtiyor Sultonovich, men sizga ochig`i hasad qilaman. Nega? Chunki siz haqiqiy tajribali hokimsiz. Sizdan ko`p narsa o`rgansa bo`ladi», deb yangi hokimning kelgusi ishlariga muvaffaqiyat tilagan edi.

Haqiqatdanam 2018 yilda 61 yoshni qarshilagan Rahmonov bir necha yillardan beri hali u hokimlikda, hali bunisida rahbarlik qilib kelardi.

Tarjimai holi haqida qisqacha

Baxtiyor Rahmonov 1959 yilda Toshkent viloyatida tug`ilgan. 1981 yilda Kiev muhandislik-qurilish institutini, 2000 yilda O`zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
U ko`p yillar davomida qator rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.


2011−2016 yillarda u poytaxt hokimining birinchi o`rinbosari lavozimini egallagan. Rahmonov Olmazor, undan oldinroq — Sergeli hokimi bo`lgan. 2018 yil mayidan Olmazor tumaniga rahbarlik qilgan. 2021 yil yanvarida Toshkent shahri hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikasiyalarni rivojlantirish masalalari bo`yicha birinchi o`rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

    So`kong`ich va mushtumzo`r rahbar

 Toshkent shahar hokimi o`rinbosari sifatida ishlab kelayotganda Toshkent viloyati Oqqo`rg`on tumanidagi mahallalardan birining raisini haqorat qilgani va jismoniy kuch ishlatgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Uning bu ishini mahalla vazirligi rasman tasdiqlagandi: «Ma`lumotlarga ko`ra, 9 may kuni u „Usta Normat» mahallasi Dehqonobod ko`chasida joylashgan, B. Rahmonovning ota uyiga chaqirtirilgan. U bu erda o`zining xizmat vazifasiga aloqador bo`lmagan, umuman boshqa bir masalaning bajarilmaganligi bo`yicha B.Rahmonov tomonidan turli nojo`ya so`zlar bilan haqoratlangan, hatto unga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgan», — deyiladi Mahalla vazirligi xabarida.

Keyinroq Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vaziri nazoratiga olingani hamda vazirlik ishchi guruhi tomonidan voqea tafsilotlari batafsil o`rganilishi aytildi, lekin bu o`rganishlar natijalari jamoatchilikka e`lon qilinmadi. Katta ehtimol bilan o`shanda Rahmonov umuman jazosiz qoldirilgan. Rost24 tomonidan o`sha vaqtda bu haqida maqola e`lon qilingandi.  Qayd etilganidek, 2021 yilning 11 iyun kuni A.Ikromov Toshkent viloyati hokimi o`rinbosari Ismat Ibragimovning taklifiga asosan Bosh prokuratura xodimlari guvohligida B.Rahmonov uzr so`ragan va tomonlar og`zaki yarashtiriladi. Ish yuzasidan hokim o`rinbosariga nisbatan hech qanday chora ko`rilmagan, ish tinchlik yo`li bilan hal bo`lganiga qaramay, shu kuning o`zida, ya`ni 11 iyun kuni kech soat 22:10 da B.Rahmonovning akasi S.Rahmonov o`zining sheriklari bilan Tinchlik ko`chasida A.Ikromovni ko`rib qoladi va kurakda turmaydigan so`zlar bilan haqorat qilib, 9 maydagi ishga aslida Ikromovning o`zi aybdorligini aytishgan.

Bu Rahmonov bilan bog`liq ommaga oshkor bo`lgan birinchi holat emasdi,   Bungacha ya`ni, 2019 yil avgust oyida internetga o`sha paytda poytaxtning Olmazor tumanini boshqargan Baxtiyor Rahmonovning uchrashuvi audioyozuvi tarqalgan edi. Unda Baxtiyor Rahmonov «yig`ilish ishtirokchilariga qayta-qayta so`kib murojaat qilayotgani, ularni haqoratlayotgani, qamatish, ishdan bo`shatish bilan tahdid qilayotgani» aytilgan. Yig`ilish ishtirokchilariga bunday munosabati esa o`shanda u rahbarlik qilayotgan Olmazor tumani prezident tomonidan tanqid qilingani bilan izohlangandi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
19
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар