O`zbek hamda turk kino ijodkorlari bilan hamkorlikda ishlangan shov-shuvli «Mendirman Jaloliddin» filmi ko`plab muhokamalarga, shu jumladan ijtimoiy tarmoq faollarining tanqidlariga ham sabab bo`lgan edi.
Filmning ikkinchi faslida muhokamalarga sabab bo`lgan kamchiliklar bartaraf etildimi? Bu faslning qanday yangiliklari bor?
Rost24.uz muxbiri tantanali taqdimotda ishtirok etib reportaj tayyorladi.
«Mendirman Jaloliddin» filmi Turkiyaning «Bozdag` ” kinokompaniyasi bilan hamkorlikda suratga olingan bo`lib, uning birinchi fasli 13 ta qismdan iborat edi. Ikkinchi faslda esa 3 oy davomida 17 ta qism sur`atga olingan. Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekovning so`zlariga ko`ra, ushbu filmning bitta qismi uchun 300-400 ming AQSh dollari miqdorida mablag` sarflangan. Bundan tashqari ushbu film o`zbek kino ijodkorlari uchun katta tajriba maktabi bo`lganligini ham aytib o`tdi.
Ushbu hamkorlikda ishlangan filmdan o`zbek aktyorlariga qanday manfaatli tomonlar bo`ladi?
Film rejissyori Nurgissa Almuratning so`zlariga ko`ra, «Turkiya kino sanoati bo`yicha 3 o`rinda turadi. Ular bilan birgalikda ishlash katta tajriba bo`ladi. Bundan tashqari ushbu film Turkiyada ham namoyish etiladi va bu bilan o`zbek aktyorlarini Turkiyada ham tanitish imkoni bo`ladi».
Filmning birinchi faslida tarixiy uydirmalar ko`payib ketgan degan tanqidlar bo`lgan edi, bu ikkinchi faslda qanchalik hisobga olindi?
- Film ssenariysi Boboxon Sharipov tomonidan yozilgan. Bu hujjatli film emas, balki serial. Bunda voqealarni bir-biriga bog`lash uchun badiiy to`qima kiritish kerak.
Shuningdek, «Mendirman Jaloliddin» to`liq Turkiyada suratga olingan. Filmdagi Xiva sahnalarining s`yomkasi ham dekorasiya quruvchilar tomonidan Turkiyada gavdalantirilgan.
Biz taqdimotda ishtirok etgan mutaxassislardan fikrlar so`radik, ularning qayd etishicha, birinchi fasldagidan ko`ra puxtaroq ishlangan qismni kuzatishdi. Hali oldinda yana 12 qism tomoshabinlar e`tiboriga havola etiladi. Eng asosiy bahoni albatta tomoshabin beradi.