Samarqand viloyat hokimligining 97 million so`mlik sirli shartnomasi

13.01.2023 22:34

Kecha e`lon qilingan shartnoma, bugun rost24.uz qo`ng`irog`idan so`ng nima uchundir bekor qilingan ko`rinadi
 

Hokimlik soliq to`lovchilar pulini qanday sarflamoqda?  

97 million, balki bu summa kimlar uchundir oddiy va juda kam mablag` dersiz. Lekin shu mablag` davlat byudjetidan, sizning, ya`ni xalqning hisobidan ketayotganini tushunishingiz kerak. Shuning uchun ham soliqlarimizdan ketayotgan har bir summaning hisobini so`rashga haqdor ekanimizni sezdik. 

Rost24.uz sayti Samarqanddagi “Forumlar majmuasi”dagi bir kunlik tadbirni gullar bilan bezatish uchun qilingan 97 million so`mlik shartnomasini o`rgandi. U bilan bog`liq faktlar shubhali bo`lib chiqmoqda. Na forum bor va na 97 mln. so`mlik gullar. Shartnoma egalari avval turli bahonalar aytib, so`ng oxir oqibat shartnoma bekor bo`lganini ma`lum qilishdi.

Samarqand viloyatidagi “Forumlar majmuasi” kompleksi Toshkentdagi “Nastarin gullari group” MChJ bilan majmuani jonli gullar bir kunlik bezatish uchun salkam yuz millionlik (97 484 400) shartnoma imzolagan. “Forumlar majmuasi”ni bezatish uchun o`tkazilgan tenderda ikkita firma va bir nafar yakka tadbirkor qatnashgan bo`lib, ikki firmaning ta`sischiligida ham G`ulomov Saidbobur Saidmurotovichning nomi bor.

Eng qizig`i, yanvar oyida Samarqanddagi “Forumlar majmuasi”da yirik tadbir o`tkazilishi rejalashtirilmagani ma`lum bo`ldi. “Nastarin gullari group” ham rost24.uz'ga yanvar oyida Samarqanddagi “Forumlar majmuasi”ga xizmat ko`rsatishni rejalashtirmaganliklarini va shartnoma o`tgan yilgi qarzdorlik uchun bo`lishi mumkinligini bildirdi.

“Forumlar majmuasi”da hech qanday forum yo`qligi ma`lum bo`lgach, majmua rahbari shartnoma sababini quyidagicha izohladi. Ya`ni, 97 mln. so`mlik shartnoma majmua ichini gullar bilan bezatish uchun emas, balki tashqariga manzarali gullar ekish uchun qilingan. 

Aniqlanishicha, “Forumlar majmuasi” bahorda ekiladigan gullarni hozir arzonroq vaqtida sotib olish uchun o`tkazgan. Biroq, rost24.uz'ning tekshiruviga ko`ra, shartnomada ekiladigan gullar emas, balki yasatiladigan jonli gullar soni nomma-nom keltirilgan. Majmua direktori aytgan urug`lar va ekiladigan gullar haqida shartnomada bironta ma`lumot yo`q.

Biz bilan bog`langan “forumlar majmuasi” vakili e`lon qilingan lot bekor bo`lganini aytib, “Bizga biogomus va urug`lar kerak edi. Ularda faqat jonli gullar ekan. Pul ham o`tmadi va lot ham bekor bo`ldi”, dedi. Ammo, davlat xaridlarida 2023 yil, 12 yanvar sanasi bilan ikki taraflama imzolangan shartnoma e`lon qilingan edi. Rasmiy taraf ikki tomonlama imzolagangan va e`lon qilingan shartnomani yanglishga chiqardi. Demak, forum ham yo`q, gullar ham yo`q. Kecha e`lon qilingan shartnoma esa, bugun rost24.uz qo`ng`irog`idan so`ng bekor bo`lgandek. 

Eslatib o`tamiz, G`ulomov Saidbobur Saidmurotovich qisman egalik qiluvchi Meadow kompaniyasi 2020 yil 29 dekabrdagi Forumlar saroyida o`tgan tantanali yig`ilish uchun ham jonli gul bekzaklari bilan xizmat ko`rsatgan edi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар