Tuman hokimi etib tayinlanganiga hali bir yil bo`lmagan Shovot tumani hokimi Odilbek Artiqov yaqindagina xizmat intizomini buzib kelgani uchun hayfsan bilan jazolangan edi.
Bugun esa tarmoqlarda hokimning maktablardagi isitish tizimlari issiqligini tekshirayotgan (aslida hokim bu suratlarni o`z “piar”i uchun oldirgan bo`lishi mumkin), “PIAR”i o`xshamay qolgan suratlari taqdim etildi.
Suratda hokim tekshirayotgan isitgich umuman tizimga ulanmagani ko`rinib qolgan. Surat va maqola esa hokimning maktablar isitish tizimini ko`zdan kechirayotgani haqida bo`lgan. Hokim tizimga ulanmagan isitgichni go`yoki issiqligini tekshirmoqda. Odilbek Artiqovning bu surati ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo`ldi. Hokimlik faoliyati soxta piarchilikda ayblandi.
Ma`lumotlarga ko`ra, Shovot tumani hokimi Odilbek Artiqov noyabr oyida o`ziga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmasdan, xizmat intizomini buzganligi uchun intizomiy jazoga tortilgan. Artiqovga nisbatan Mehnat Kodeksining 181-moddasiga asosan “Hayfsan” berilgan edi.
Eslatma, Odilbek Artiqov 2022 yilning mart oyida Shovot tumaniga hokim etib tayinlangan edi. Bunga qadar u Xorazm viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig`i vazifasida ishlab kelgan.