Gidrometeorologiya xizmati tomonidan 9-15 yanvar kunlari yurtimizga Boltiqbo`yi hududlaridan anomal sovuq kelishi haqida xabar berilganiga ham bir hafta bo`ldi. Shu vaqt mobaynida eng ko`p xavotirga sabab bo`lgan savollar energetiklarga yo`naltirilmoqda. Sovuq tushishi bilan elektr ta`minotidagi cheklovlar vaqti yana oshmaydimi? Eskirgan transformatorlar, kuchlanishni ko`tara olarmikin? Gaz o`chsa, uyni qanday isitamiz? Bu kabi savollarga berilgan javoblar qanchalik to`g`ri yoki shunchaki vaziyatdan chiqish uchun aytilganmi, buni faqat sovuq kunlar davomidagina sinovdan o`tkazib ayta olamiz.
Xo`sh, navbatdagi sovuq kunlarga energetika tizimi qanchalik tayyor? Avariya holatlariga qanday choralar ko`rilmoqda?
Hududiy elektr tarmoqlari AJ bo`lim boshlig`i Nodirbek Po`latov Rost24.uz muxbirining savollariga quyidagicha javob berdi.
Kelgusi haftada kutilayotgan anomal sovuq holatlariga hududiy elektr tarmoqlari AJ boshqaruv raisining topshirig`iga ko`ra, 1000 ga yaqin brigadalar tashkil etilgan. Bu brigadalarga texnika vositalar hamda avtomashinalar ham biriktirilgan. Bundan tashqari har bir hududda birinchi rahbar boshchiligida tunu kun xizmatda kuzatilishi mumkin bo`lgan avariya holatlarni bartaraf etish uchun barcha kuchlar shay holatga keltirildi. Avariya holatlarni bartaraf etish yuzaga keltirish mumkin bo`lgan holat bo`lib bunda og`irroq avariya holatlarida 2 soatgacha vaqt oralig`ida bartaraf etish ishlari olib boriladi.
«Favqulodda holatlar bo`lmasa ikki soatdan ortiq svet o`chishi nazarda tutilmagan»
Energetika vazirligi matbuot xizmati xabarida 2 soatdan ortiq svet o`chmasligi, korxonalarga sarflanayotgan elektr energiyasi tejalib aholi iste`moliga yo`naltirilishi aytilgan edi. Bu holat bo`yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Ikki soatdan ortiq svet o`chmasligi bu mutanosib holat, bu cheklovlar energiya tizimni saqlab qolish hamda bundan ham katta talofatlarni oldini olish maqsadida qilinayotgan chora va iqtisod qilish bo`yicha alohida topshiriq berilgan tejalgan energiya aholi va ijtimoiy ob`ektlarga etkazib berish ko`zda tutilgan. Agar favqulodda holatlar bo`lmasa ikki soatdan ortiq svet o`chishi nazarda tutilmagan.
Eslatib o`tamiz, o`tgan yili dekabr oyi boshida O`zbekiston energetika vaziri o`rinbosari Sherzod Xodjaev rejali o`chirish muddatini ikki soatdan oshmasligi kerakligini aytgan.
Noyabr oyida bo`lib o`tgan matbuot anjumanida Sherzod Xodjaev rejali o`chirishlar bir soatdan oshmasligi kerakligini, agar bu muddatdan oshsa mas`ullarga chora ko`rilishini aytgandi. Dekabrda havo sovigan vaqtda esa, soatlab emas, kunlab svet o`chgani haqida murojaatlar bo`ldi.