Energetika vazirligi matbuot xizmatining Rost24.uz muxbiriga xabar qilishicha, 9-15 yanvar kunlari O`zbekistonga kirib kelayotgan anomol sovuq sharoitida aholi va ijtimoiy soha ob`ektlariga elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko`mir mahsulotini barqaror etkazish ta`minlanadi, gaz quyish shoxobchalaridagi cheklovlar davom ettiriladi, ishlab chiqarish korxonalariga gaz etkazib berish hajmi kamaytiriladi hamda undan tejalgan elektr energiyasi aholi iste`moliga yo`naltiriladi.
Shuningdek, tizimdagi avariya holatlarini oldini olish uchun tasdiqlangan grafiklar asosida qisqa muddatli cheklovlar qo`yiladi. Sovuq kunlarda elektr energiyasiga bo`lgan talabning ortishi sabab cheklov grafiklariga qat`iy amal qilinadi hamda ikki soatdan oshmagan vaqt oralig`ida hududlar kesimida joriy etilayotgan cheklov grafiklari barcha viloyatlarning hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida e`lon qilinadi.
Anomal sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo`lgan nosozliklarni bartaraf etish uchun elektr va gaz ta`minoti korxonalarida tunu kun ishlaydigan 1000 dan ortiq maxsus brigada tashkil etilgan.
«Yuksalish» umummilliy harakati ushbu sovuq kunlarda ish beruvchilar ham davlat, ham xususiy sektor ish jarayonlarida mehnat sharoitlari bilan tanishib chiqib, xodimlarni qulay harorat rejimi bilan ta`minlash zarur, agar xodimlarning ish joyida bo`lishiga ehtiyoj bo`lmasa, ular onlayn ishlashiga ruxsat berilishi kerak. Pandemiya bunday formatda ham berilgan vazifalarni samarali bajarish mumkinligini ko`rsatdi. Ish soatlarini, ayniqsa, ochiq havoda ishlaydiganlar uchun qisqartirish maqsadga muvofiq. Imkon qadar xodimlar uchun issiq ichimliklar tashkil qilish, sovuqqotish holatlarining oldini olish uchun tanaffus berish yoki o`rin almashtirish, yirik savdo va aholiga xizmat ko`rsatish markazlarida issiq choy berishni tashkil qilish, jamoat transportining uzluksiz harakatlanishini ta`minlash kabi takliflarni bildirdi.
Bundan tashqari iste`molchilar elektr energiyasi ta`minoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki«Telegram»dagi @HET_admin administrator, tabiiy va suyultirilgan gaz ta`minoti yuzasidan 1104, 104 yoki feysbuk ijtimoiy tarmoqdagi guruhga hamda ko`mir ta`minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlari va @Uzbekcoaluz_bot «Telegram» botga murojaat qilishingiz mumkin.
Eslatib o`tamiz, o`tgan yil oxirida ham sovuq tushishidan oldin mutasaddilar cheklovlar ikki soatdan oshmasligini va`da qilishgan. Lekin, kunlar sovishi bilan sutkalab energiya uzidishlari bo`lgani haqida xabarlar paydo bo`la boshlagan edi.