Rost24 Vazirlik va idoralar qisqargani, ularga ajratilishi ko`zlangan mablag` endi nima bo`lishi haqida savolni avvalroq bergan edi. Afsuski, hujjat tasdiqlandi jamoatchilik muhokamasi esa e`tiborga ham olingani yo`q. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi byudjet mablag`lari taqsimotini yana boshqatdan, qayta ko`rib chiqmadi. Bu davrda esa Byudjet loyihasiga e`tiroz qilmoqchi bo`lgan, lekin so`z berilmagan deputat Kusherboev o`z mandatini topshirdi. Biz jo`yali javob bo`lmaguncha mavzuga qaytaveramiz.
Jurnalist Hulkar Abdullaevaning kuzatuvlariga ko`ra bu kechikish birinchi marotaba emas:
«2023 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat Byudjeti to`g`risidagi qonun» bu safar ham kechikib qabul qilindi. Byudjet haqidagi kodeksdagi muddatlari bu safar ham o`zgarib ketdi.
Qiziqarli jihat shundaki, kelgusi yil uchun qabul qilingan qonun to`rt yilda faqat bir marta, o`z muddatida bajarilgan. Bu 2020 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risidagi qonuni edi. Keyingi uch yilda esa qonunni qabul qilish borasidagi muddatlar o`zgarib, o`z muddatlaridan kechikib ketgan.
Qonun qabul qilingan davr uchun | Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan vaqt | Senat tomonidan ma`qullangan | Prezident tomonidan tasdiqlangan |
---|---|---|---|
2020 yil uchun O`RQ-589-son | 2019 yil 21 noyabrda qabul qilingan | 2019 yil 30 noyabrda ma`qullangan | 2019 yil 9 dekabr |
2021 yil uchun O`RQ-657-son | 2020 yil 1 dekabrda qabul qilingan | 2020 yil 18 dekabrda ma`qullangan | 2020 yil 30 dekabr |
2022 yil uchun O`RQ-742-son | 2021 yil 26 noyabrda qabul qilingan | 2021 yil 15 dekabrda ma`qullangan | 2021 yil 30 dekabr |
2023 yil uchun O`RQ-813 | 2022 yil 22 dekabrda qabul qilingan | 2022 yilda 27 dekabrda ma`qullangan | 2022 yil 31 dekabr |
Vaholanki, 2023 yil uchun Qozog`istonda shu kabi qonun hujjati Qozog`iston prezidenti tomonidan 2022 yilning 1 dekabrida, Rossiyada Rossiya Prezidenti tomonidan 5 dekabrda, Tojikiston Respublikasida Tojikiston Prezidenti tomonidan 7 dekabr kuni tasdiqlangan.
Me`yoriy hujjatlarga ko`ra, Davlat byudjeti to`g`risidagi qonun loyihasi qabul qilingunga qadar bir qancha bosqichlarni bosib o`tishi va o`z muddatlari doirasida qabul qilinishi lozim. Unga ko`ra, Davlat byudjeti to`g`risidagi qonun loyihasi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan 15 oktyabrdan 15 noyabrgacha, ya`ni bir oy muddatda ko`rib chiqilishi va uni 20 noyabrgacha taqdim etilishi kerak. Senat esa mazkur qonunni 15 dekabrga qadar ma`qullashi lozim. Taassufki, Byudjet kodeksida belgilab qo`yilgan parametrlarning muddatlariga o`tgan yilda umuman amal qilinmadi, qonun o`z muddatidan kechikib ketdi.
Ya`ni, O`zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining 97-moddasiga ko`ra, ya`ni Davlat byudjeti to`g`risidagi qonun loyihasini va byudjetnomani kiritish tartibi bo`yicha:
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, qoida tariqasida, joriy yilning 15 oktyabridan kechiktirmay O`zbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasi bilan kiritiladi.
Byudjetnoma O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga ham, qoida tariqasida, joriy yilning 15 oktyabridan kechiktirmay kiritiladi.» deb yozib qo`yilgan. Ammo Moliya vaziri Jamshid Qo`chqorov davlat byudjeti taqchilligining cheklangan miqdorini oshirish to`g`risidagi qonun loyihasini 25 oktyabr kuni Qonunchilik palatasiga kiritganini va «Biz olti oy yakunlari bo`yicha byudjet taqchilligini ko`paytirish bo`yicha murojaat qilsak kerak, deb aytgandik. Shu gapimizni hozir ham takrorlaymiz. Byudjet taqchilligi YaIMning 4 foizini tashkil etadi, degan hisob-kitobimiz bor. Kecha 2022 yilgi davlat byudjeti to`g`risidagi qonunga o`zgartirish kiritish bo`yicha qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga jo`natdik. Men uzr so`rayman, bu yil haqiqatan ham kechikib ketyapmiz» deb aytib o`tadi. Uning so`zlariga ko`ra, 2023 yilgi davlat byudjetini ishlab chiqishda inobatga olinadigan makroiqtisodiy yondashuvlar va 2023 yilgi iqtisodiy prognozlar ustidagi ishlar 90 foizga yakunlangan edi. Bu haqda u 25 oktyabr kuni ma`lumot bergan. Holbuki, byudjet kodeksiga muvofiq, Byudjet loyihasi bu davrda to`liq yakunlanib, 15 oktyabrdan 15 noyabrga qadar O`zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi tomonidan ko`rib chiqilishi kerak. Byudjet loyihasini ko`rib chiqish kechikib borayotganligi haqida blogerlarning kanallarida, jumladan davletov.uz, Otabek Bakirovning telegram kanallarida bir qancha postlar hattoki, «Cho`zilish xalq foydasiga bo`lsa, kutish mumkin» degan mazmundagi tahliliy materiallar ham berilgan edi.
Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksida “Davlat byudjeti to`g`risidagi qonun loyihasi, o`rta muddatli davr uchun fiskal strategiya O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga yuborilishidan oldin majburiy ravishda jamoatchilik muhokamasiga qo`yiladi, shuningdek O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan «Fuqarolar uchun byudjet» axborot nashri jamoatchilik muhokamasi uchun parallel ravishda e`lon qilinadi.” deb belgilab qo`yilgan. Shunday bo`lsada, keyingi yilgi byudjet loyihasida ushbu modda e`tiborga olinmay, chetlab o`tildi, hujjat jamoatchilikka taqdim etilmadi. Bu haqda «Gazeta.uz» sayti ham bir necha bor ta`kidlandi.
Keyinroq esa, davlat byudjeti to`g`risidagi qonun loyihasining O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga juda kech taqdim etilgani, deputatlarning uni to`laqonli ko`rib chiqish va tahlil qilish uchun juda oz muddat berilgani jiddiy e`tirozlarga sabab bo`ldi. Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputati R.Kusherbaev «2023 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida»gi qonun loyihasining muhokamasi haqida: «Bu safargi byudjet muhokamalarida ishtirok etmadim. Katta hajmdagi loyihani o`qishga ham etarli vaqt berilmadi. 1-o`qishda yalpida so`z so`rasam, zam spiker U. Inoyatov ochiqchasiga so`z bermadi. So`ng majlisdan chiqib ketdim va kirmadim. Deputatlarni og`zini yopadigan zamlarni boridan yo`g`i yaxshi», — deb yozdi u o`zining Twitter sahifasida, keyinroq bu haqdagi batafsil video ham e`lon qilindi.
Shu yilning 24 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasidagi ma`muriy islohotlar amalga oshirilishi ma`lum qilindi. 26 dekabr kuni, mamlakatdagi chuqur islohotlar tufayli byudjet loyihasi yana o`zgarishi ma`lum qilindi. Bu bo`yicha Moliya vaziri o`rinbosari Odilbek Isakov:
-Endi shakllangan tizim bo`yicha byudjet xarajatlari o`zgaradi, tez orada qayta kiritilgan o`zgarishlar bo`yicha loyiha taqdim etiladi, deb izoh bildirdi. Shuningdek u, ma`muriy islohotlar tufayli, dastlabki hisoblarga ko`ra davlat byudjetining 2.8 trillion so`m mablag`lari tejalishini ma`lum qildi.
Ammo ma`muriy islohotlar va o`zgarishlarga qaramasdan, 27 dekabr kuni «2023 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat Byudjeti to`g`risidagi qonun» Oliy majlis senati tomonidan ma`qullandi. 31 dekabrda esa O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlab yuborildi. Ushbu qonun 1 yanvardan kuchga kirdi.
Islohotlar tufayli tejalishi ko`zda tutilgan mablag`lar masalasi esa ochiq qoldi... Jumladan, qisqargan vazirliklar va idoralarga ajratilgan mablag`lar o`z kuchini yo`qotmadi. Ularning qisqarishidan tejalishi mumkin bo`lgan mablag`lar qaerga sarflanishi hozircha noma`lum.
Biz byudjet bilan bog`liq jarayonlarni kuzatishda davom etamiz.
Hulkar Abdullaeva