Xususiy bozorga ta`qiq qo`yish korrupsiya alomatlaridan dalolat emasmi?

17.01.2021 04:32

Kecha Nasafnyus tarmog`i orqali “Qashqadaryo viloyati transport boshqarmasi boshlig`i: «Hamma «damas»dan norozi bo`ldi” sarlavhali maqolasi e`lon qilindi.

Unda Qashqadaryo viloyat transport boshqarmasi boshlig`i Narzulla Namozovning «Damas»lar faoliyati bo`yicha quyidagi fikrlari berilgan:

«Mana hozir 50 ta avtobusni bo`ynimga olib, 14 milliardga xalq uchun olib keldim. Kim uchun, xalq uchun, o`zim uchun olib kelganim yo`q. O`ylaysizlar, foyda ko`radi deysizlarmi? Ballonni qo`ysangiz, yog`i keladi, yog`ini qo`ysayiz, boshqa «zapchasti» keladi. Hamma narsani o`ziga yarasha muammosi bor. Bizlarni ham to`g`ri tushunish kerak.

Mana avtobus, damas deyapsizlar? Biz jamoat transportiga 800 ta avtobusni berdik. Kredit olish uchun tushuntirdik. Viloyat hamma hokimlaridan yig`ilishga so`radi. Hamma «Damas»dan norozi bo`ldi. Hamma norozi bo`ldi. Chunki jamiyatga damaschilarni hech qanday foydasi tegmayapti. Faqat o`zini band qiladi. Bir so`m tushumi yo`q, oylik ish haqi yo`q.

Bizlar avtobus qo`yolmaymiz, ertaga agar damaslarga ruxsat bervorsa hozir. O`zi zavodlarimizga avtobus tiqilib ketdi. Nima uchun olmaydi tadbirkor? Qoplamaydi»,- dedi Narzullo Nomozov.

Avvalo, Narzulla Nomozov iqtisodni yaxshi tushunadiganga o`xshamaydi. “O`ylaysizlar, foyda ko`radi deysizlarmi?”, deganda zarar ko`rsak ham qilayapmiz demoqchimi? Bozor iqtisodiyotida foyda bermaydigan ishdan nima naf? Transport boshqarmasi umumiy siyosat yuritish, sohada ishlayotganlarga amaliy yordam berish o`rniga nima uchun avtobuslarni kreditga sotib olib, biznes faoliyati bilan mashg`ul bo`layapti. Bir paytning o`zida xususiy bozorga ta`qiq qo`yish bilan shug`ullanishining o`ziyoq korrupsiya alomatlaridan dalolat bermaydimi?

“Chunki jamiyatga damaschilarni hech qanday foydasi tegmayapti. Faqat o`zini band qiladi. Bir so`m tushumi yo`q, oylik ish haqi yo`q”. Avvalo, odamlar o`zini o`zi band qilib yurgan bo`lsa, do`ppini osmonga otish kerak. Ular nafaqat ishlab ro`zg`orini boqayapti, aksariyati lisenziya ham olib ishlayotgan edi. 

«Damaschi»lar foydali va odamlar uchun qulayligini, kerak bo`lsa uyingizdan aytgan manzilingizgacha etkazib qo`yishini, qimmatbaho mashinada davlat hisobidan yurgan o`sha tuman hokimlaringiz bilmayotgan bo`lsa, demak ularning ham tafakkur ko`zi yoki ko`r, yoki jamoat transportidan ham mo`may foyda olish ilinjida “yangi nimadir” o`ylab topish bilan band. Endi amal-taqal qilib, tirikchilikning yagona manbaidan ham mahrum bo`lgan oilani qandaydir daftarlarga kiritib davlat yordam berishi kerakmi?!

N.Namozov agar tashkilotining faoliyati nimadan iborat ekanligini bilmasa, O`zbekiston Respublikasi transport vazirligini tashkil etish bo`yicha Prezident farmon va qarorlarini yaxshilab o`qib chiqishi kerak. Unda “transport va logistika xizmatlari bozorini rivojlantirishni rag`batlantirish, ularning barcha toifadagi iste`molchilar uchun ommabopligini ta`minlash” kerakligi juda chiroyli qilib yozib qo`yilgan.

Shu kunning o`zida Qashqadaryo viloyat transport boshqarmasi bo`lim boshlig`i Ozod Hayitovning “damas”lar bo`yicha  intervyusi ham telegram kanallarida paydo bo`ldi: 

“Damas”larga cheklov qo`yilmaydi, pandemiya sababli maxsus komissiya tomonidan qabul qilingan 45-sonli yig`ilish bayoni sababli belgilangan Damaschilar faoliyati respublika bo`yicha vaqtinchalik to`xtatilib turilibdi. Bundan keyin “Damas”lar ishlamaydi yoki yo`l qo`yilmaydi, degani emas. Bu vaqtinchalik tartib”.

Resublika Maxsus komissiyaning 45-conli bayonnomasi qachon chiqqanku, uning muddati qachongacha hech kim bilaydi. Ochiq ma`lumotlar bazasidan bu hujjatni topib ham bo`ladi. Lekin odamlar yashashi kerak, bozorga chiqishi shart, ishga borishi lozim. “Damas”ga ruxsat berilmasa, ular qanday borsin?

“Taqiqlar va man etishlar” yondashuvdan qachon voz kechamiz? Va nihoyat viloyat hokimi boshqarma boshlig`ining bunday bir tomonlama va hech bir na iqtisodiy va insoniy mezonlarga mos kelmaydigan qarashlaridan xabardormi?

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
25.01.2021 18:53
ДАМАС хайдовчиларига лицензия берилган булса керак, руйхатдан утган булса керак транспорт хизмати буйича ва бир сум булса хам солик телавотган булса керак, агарда хеч кандай туловлари ва конуний хужжатлари булмаса, хаётда одам ташиш билан шугулла олмайди, ЙХХ хизмати бир дакика уларга ишлагани бермайди