O`zbekistonning eng qudratli shaxslaridan biri — Rashid Qodirov qamoqdan ozod etildi

05.01.2023 01:23

O`zbekiston sobiq bosh prokurori, 2018 yil fevralida qo`lga olingan Rashid Qodirovga Jinoyat kodeksining 165 (tovlamachilik), 205 (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish) va 210 (pora olish) moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan edi.

Boltiq bo`yidagi uylar... Qodirov haqida Prezident nima degan? 

Shavkat Mirziyoev 2018 yilda Andijonga qilgan tashrifida Rashid Qodirov haqida quyidagicha fikr bildirgan.

«Mana, Rashid Qodirov guruhi bilan qamoqda o`tiribdi. Million-million dollarlarni qaytaryapti. 2-3 oydan keyin uning o`zi televidenie orqali barchani qanday poraxo`r qilganini aytib beradi. Har bir tuman prokuroridan 30-40 ming AQSh dollari olgan. Hozir u barchasini qaytaryapti. Birgina o`g`li milliarder. Boshqa tashkilotlar rahbarlari ham, MXX (hozirgi DXX)ning 5 sobiq o`rinbosarlari ham qamoqda. Ularning hammasi o`g`ri. Qanday bo`lmasin, men hammasini joyiga qo`yaman. 

Ularning hammasi Boltiqbo`yida uylar qurgan. Hatto Amir Temur bunaqa uylarda yashamagan. Bu kimning pullari – xalqniki. Shu boisdan ham prokuraturada 70 foiz xodim almashdi. Men hammani kechiraman, ammo o`g`ri va xoinlarni kechirmayman. Mana shuni xalqim bilishi kerak», - degan edi Prezident.

Biroq, Rashid Qodirov televidenie orqali barchani qanday poraxo`r qilganini aytib bergan emas. Qodirovning televideniega intervyu bermaganiga Bosh Prokuratura matbuot kotibi ham izoh topa olmagan.

Yopiq sud va 200 ga yaqin guvohlarning ko`rsatmalari…

«Davlat sirlari to`g`risida»gi qonun talablariga muvofiq, Rashid Qodirovga nisbatan sud jarayoni yopiq tarzda o`tkazilib, 6 oyga yaqin vaqt davom etgan. Sud tergovi jarayonida barcha sudlanuvchilarning ko`rsatmalari tekshirilgan, 200 ga yaqin guvohlarning ko`rsatuvlari tinglanib, ish bo`yicha o`tkazilgan ekspertiza va xizmat tekshiruvlari xulosalari, shuningdek, jinoyat ishida to`plangan dalillar, ularning qonuniyligi va asosliligi nuqtai nazaridan taftish qilingan.

Sobiq prokurorga sud hukmi bilan 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan. 

Xavfsizlik xizmatidan prokuraturaga…

Millionlab pora olishda ayblangan Rashid Qodirov 1952 yil Andijon viloyatida tug`ilgan. U 1975 yilda Toshkent Davlat universitetining yuridik fakultetini bitirgach, Andijon viloyat prokuraturasida tergovchi va katta tergovchi sifatida faoliyat yuritgan. U 1980 yildan O`zSSR xavfsizlik xizmatida tergovchi, 1991–1994 yillarda O`zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisi o`rinbosari lavozimida bo`lgan. 1994 yilda Rashid Qodirov milliy xavfsizlikdan O`zbekiston Republikasi Bosh prokurori o`rinbosari lavozimiga o`tadi. Oradan olti yil o`tib u Bosh prokuror etib tayinlanadi.

Shu tariqa Rashidov 2015 yilgacha Respublika Bosh prokurori lavozimida qoladi. 2015 yilda iste`foga chiqarilgan oradan 3 yil o`tib sud  qilinadi va 10 yil ozodlikdan mahrum etiladi.

Ma`lumotlarga ko`ra, Rashidov 2022 yil Konstitutsiya kuni munosabati bilan avf etilganlar ro`yxatida bo`lmagan.

Hozircha, o`zbek mediasi sobiq prokuror Rashid Qodirovning ozodlikka chiqqani haqida ma`lumotlarni ketma-ket ulashmoqda. Rasmiy manbalar esa bu ma`lumotni inkor etmagan holda, xabarni boshqa rasmiylar tasdiqlashi mumkinligiga ishora qilmoqdalar. 

Rost24.uz'ga Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish departamenti vakili axborotni tasdiqlamadi va inkor etmadi ham. Departament vakili ma`lumotni sud tomonidan aniqlashtirish mumkinligini aytmoqda. Oliy Sud matbuot xizmati esa hozircha so`roqlarimizga javob bermadi. 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
14
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар