30 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan Vazirlar Mahkamasi a`zolari — vazirlikka ko`rsatilgan 13 nafar nomzodlar ma`qullandi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan ular ushbu lavozimlariga tasdiqlandi.
Amaldagi qonun hujjatlariga binoan, Vazirlar Mahkamasi a`zolari, vazirlar lavozimga tayinlanishidan avval ularning nomzodi avvalo Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan ko`rib chiqilib, ma`qullanadi. Undan keyin Bosh vazir taqdimnomasiga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
Qiziq tomoni shundaki, Oliy majlis tomonidan rasmiy kanalida nomzodlar ko`rib chiqilgani va ma`qullangani haqidagi xabarlarni 18:07 dan boshlab bera boshladi.
Bu vaqtda esa prezidentning tayinlovlar haqidagi qarori tafsilotlari allaqachon chiqib bo`lgandi. Hukumat ichidagi insayderlar esa o`z ulushlari yoki manfaatlari bor OAVga Oliy majlis shubhasiz tasdiqlaydigan nomzodlarni oshkor etib bo`lishdi. «Aytishlaricha», deb beriladigan o`zbek blogosfrerasining taxminlari to`laligicha tasdig`ini topdi.
Demak, tayinlovlarga o`tamiz, Vazirlar mahkamasi rahbariyatida 7 o`rinbosardan to`rt nafari o`z lavozimini saqlab qoldi.
Optimallashtirishdan avval Bosh vazir Abdulla Aripovning etti nafar o`rinbosari bor edi. Yangi tarkibda Ochilbay Ramatov, Jamshid Qo`chkarov (sobiq Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vaziri), Jamshid Xo`jaev (sobiq Investisiyalar va tashqi savdo vaziri), Zulayxo Maxkamova(sobiq Oila va xotin-qizlar davlat qo`mitasi raisi) qolishgan, lekin ular yangi tartibga binoan vazirlik maqomini yo`qotishgan.
Uch nafar bosh vazir o`rinbosarlari shtati esa qisqartirildi. Ya`ni Shuhrat G`aniev, Aziz Abduhakimov va Jo`rabek Mirzamaxmudov endi Vazirlar Mahkamasi rahbariyati tarkibida yo`q. Shuhrat G`aniev familiyasini hozircha umuman hukumat tarkibidagi lavozimlarda uchratmadik. Abduhakimov va Mirzamaxmudov esa vazirlik maqomini qo`ldan boy berishmadi.
Yangi, eski vazirlar
Qisqartirishlar to`lqinidan sakkiz nafar amaldagi vazirlar o`z lavozimida qolgan holda, «Eson-omon» o`tib olishdi. Kimlardir ketdi, kimlardir boshqa vazirlikka «ko`chib» o`tdi.
Vazirligi ham lavozimi ham o`zgarmagan vazirlar
Akbar Toshqulov – Adliya vaziri
Ilhom Mahkamov — Transport vaziri,
Po`lat Bobojonov — Ichki ishlar vaziri
Jo`rabek Mirzamaxmudov - Energetika vaziri
Bahodir Qurbonov — Mudofaa vaziri
Shavkat Hamroev — Suv xo`jaligi vaziri
Qo`ldoshev Abdulla — Favqulodda vaziyatlar vaziri
Aziz Voitov - Qishloq xo`jaligi vaziri
Bu ro`yxatga Sherzod Shermatovni ham kiritish mumkin. Uning rahbarligidagi vazirlik endilikda O`zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirligi deb nomlanadi, lekin u Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi negizida tashkil etildi. Ya`ni faqat tashkilotning nomi o`zgardi.
Vakolat doirasi kengaygan amaldagi vazirlar
Ayrim vazirlar lavozimlarini saqlab qolish barobarida, o`zlari rahbarlik qilayotgan tizim kengaygani sababli qo`shimcha vakolatlarga ega bo`lishdi.
Avvalgi qurilish vaziri - Botir Zokirov endi qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vaziri lavozimiga;
- Xalq artisti, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov endi madaniyat va turizm vaziri lavozimiga;
- Sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramov O`zbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri lavozimiga;
- Innovasion rivojlanish vaziri, olim Ibroxim Abdurahmonov O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vaziri lavozimiga tayinlandi va o`z sohalariga qo`shimcha ravishda boshqa tarmoqlarni muvofiqlashtirish vazifasini zimmalariga olishdi.
Bir yo`nalishdan boshqa yo`nalishga o`tganlar
Sobiq turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduxakimov endi o`z uchun butunlay yangi yo`nalish O`zbekiston Respublikasi tabiat resurslari vaziri lavozimiga tayinlandi.
Sog`liqni saqlash vaziri Behzod Musaev esa, 20 ga yaqin bolaning o`limi bilan bog`liq Dok-1 Maks dori vositasi tufayli yuzaga kelgan vaziyat fonida tanqidlarga qolayotgan tizimda faoliyatini yakunlab, kambag`allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimiga o`tdi.
Xalq ta`limi vaziri Baxtiyor Saidov O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. U ham ko`pchilik rahbarlar qatori Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Saidov shu kunga qadar O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahakamasi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda O`zbekistonning bir qator davlatlardagi elchisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.
«Yangi» vazirlar
Bu vazirlar avval ham vazirlik darajasiga teng bo`lgan lavozimlarda, xususan, qo`mita yoki agentlik rahbari, ba`zilari esa vazir o`rinbosari sifatida ishlab kelishgan. Endi ular vazir lavozimiga tayinlandi.
Eng yaxshi lavozimlardan biri Davlat soliq qo`mitasi rahbari sifatida ishlab kelgan Sherzod Kudbievga nasib etdi. U O`zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri lavozimiga tasdiqlandi.
E`tiborli jihati shundaki, bu vazirlikka juda katta tizim yo`nalishlari biriktirilgan:
Moliya vazirligi;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligining iqtisodiy taraqqiyot qismi;
yangi G`aznachilik xizmati qo`mitasi;
Davlat zaxiralarini boshqarish qo`mitasi;
Davlat soliq qo`mitasi;
Davlat bojxona qo`mitasi;
Davlat kadastr agentligi;
shuningdek, Sug`urta bozorini rivojlantirish agentligi va Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligining vazifalari o`tmoqda.
Investisiyalar, sanoat va savdo vaziri lavozimiga tayinlangan Laziz Qudratov ham sohaga begona emas. U 2017 yil iyunida Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi raisining birinchi o`rinbosari etib tayinlangan, 2019 yil yanvarida qo`mita Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi sifatida qayta tashkil etilgach, vazir o`rinbosari lavozimida ishlay boshlagan. 2019 yil oktyabrida investisiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o`rinbosari etib tayinlangandi.
Tog`-kon sanoati va geologiya vaziri lavozimiga tasdiqlangan Bobir Islamov aprel oyidan buyon bosh vazir maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgan edi. U 2017 yilda Davlat geologiya va mineral resurslar qo`mitasi raisi sifatida ish boshlagan.
Sobiq prezident ta`lim muassasalari agentligi direktori Xilola Umarova endi O`zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta`limi vaziri sifatida faoliyat olib boradi. U eng yosh vazirlardan biri. Tarjimai holidagi e`tiborli jihatlardan biri uning Germaniyada tug`ilganidir. Mutaxassisligi - tashqi iqtisodiy faoliyat. Toshkent shahridagi INHA universiteti bosh menejeri, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktab direktori sifatida faoliyat olib borgan.
Yangi Sog`liqni saqlash vaziri Tibbiyot fanlari doktori, professor. Ya`ni sohani eng quyi bo`limlaridan yuqori mansablargacha ko`tarilgan, tizimdan yaxshi xabardor amaldorlardan. U 2020 yil iyulida O`zbekiston prezidentining yoshlar, fan, ta`lim, sog`liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo`yicha maslahatchisi o`rinbosari lavozimiga tayinlangan. 2020 yil 3 noyabrdan buyon sog`liqni saqlash vazirining birinchi o`rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Shuningdek, qator qo`mita rahbarlari va vazir o`rinbosarlari ham tayinlandi.