Manbaga ko`ra, ushbu shov-shuvli voqeani o`rgangan vazirlik ishchi guruhi xulosasi bilan quyidagilar ishdan olingan:
1. Samarqand viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo`yicha o`rinbosari S.Mo`minov;
2. Samarqand viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi onalik va bolalik salomatligini rivojlantirish bo`limi bosh mutaxassisi S.Rasulov;
3. Samarqand viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi direktori M.Azizov;
4. Samarqand viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazining gemodializ bo`yicha mutaxassisi B.G`aniev;
5. Toyloq tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Olmazor OShP mudiri X.Muzaffarov;
6. Toyloq tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Olmazor OShP oilaviy shifokori U.Mahmudov;
7. Toyloq tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Olmazor OShP doya hamshirasi M.Siddiqova.
Ushbu ro`yxatdagi viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasida ishlaydigan ikki mas`ulning ushbu voqeada qay darajada aybdorligi noma`lum, biroq Samarqand «Dok-1 Maks» dorisi savdoga chiqarilgan yagona hudud emas. Ya`ni Samarqanddagi tibbiyot muassasasida nobud bo`lgan 18 nafar bolaning hammasi ham samarqandlik emas. Bu bolalarning qariyb yarmi boshqa viloyatdagi shifoxonada davolanayotib, og`ir vaziyatga tushib qolganidan so`ng Samarqandga olib kelingan. Agar bolalarning ahvoli og`irlashishi bevosita «Dok-1 Maks» bilan bog`liq ekan, buning uchun boshqarmadagi qaysidir mansabdor ishdan olinishi echim emasligini aytmoqda manba.
«Bevosita Samarqand viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi direktori M.Azizovning ishdan olinish masalasiga to`xtalsam. Butun boshli tizim illatlari, «Dok-1 Maks»ning «o`lim dorisi» ekani aynan Azizovning xati sababli yuzaga chiqdi. U qanchadan qancha tibbiyot muassasalari rahbarlari yaqin kelolmagan haqiqat yuzaga chiqishiga sababchi bo`ldi.
Samarqand viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazining gemodializ bo`yicha mutaxassisi B.G`aniev ham viloyatda soha bo`yicha juda noyob mutaxassis hisoblanadi. Uning ishdan olinishi esa shu kabi haqiqiy shifokorlarni sindirishdan boshqasiga xizmat qilmaydi. Hozir markazda hech kimning qo`li ishga bormay qoldi, ko`pchilik yaxshi mutaxassislar arizasini yozmoqchi», dedi manba.
Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanaev ishdan olingan etti kishi haqida to`liq ma`lumot berishdan o`zini olib qochmoqda.
Kun.uz manbasiga ko`ra, bu etti mas`ulning oldiga hozir kamera ko`tarib borilgan taqdirda ishdan olingani haqida gapirmaydi. Ular bir necha oy – «Dok-1 Maks» sababli nobud bo`lgan 18 bola voqeasi unutilguncha ishlab turishlari TAYINLANGAN. Ular mabodo asl holat haqida gapiradigan bo`lsa, tizimdan butunlay chetlashtirilishi, yanada obro`sizlantirilishi mumkinligi haqida OGOHLANTIRILGANi aytilmoqda.