RASMIY MUNOSABAT
Saytimizda “Sirdaryoning yangi hokimi Akmaljon Mahmudaliev ham boshladimi?..” materiali e`lon qilingan edi. Unda ma`naviyat tadbiri uchun yil so`ngida Sirdaryo viloyat hokimi aholining "ma`naviyatchi" va san`atkorlar bilan uchrashuviga atab 120 mln. so`m ajratgani xabar qilingandi.
Mazkur xabarga Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi Sirdaryo viloyat bo`limi munosabat bildiribdi:
"Rost24.uz — axborot-tahliliy saytining telegramdagi sahifasida e`lon qilingan Sirdaryo viloyatida o`tkazilgan ma`naviyat tadbirlariga sarflangan mablag`lar haqidagi habar yuzasidan quyidagilarni ma`lum qilamiz.
Davlatimiz rahbarining “O`zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining o`ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risida”gi PQ-340-son qaroriga asosan “Yangi O`zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida Sirdaryo viloyatda joriy yilining 11-15 oktyabr kunlari “Madaniyat karvoni” va “Ma`naviyat festivali” o`tkazildi.
Mazkur ma`naviyat tadbirlari doirasida taniqli xalq shoirlari, adiblar, fan arboblari, madaniyat va san`at xodimlari, Madaniyat vazirligi va Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi mas`ullaridan iborat 160 nafar “Ma`rifat” targ`ibotchilar jamiyati a`zolari barcha viloyatlar qatori Sirdaryoga ham tashrif buyurgan.
Ular ishtirokida viloyatning barcha tuman-shaharlarida ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar — milliy ko`rgazmalar, badiiy filmlar namoyishi, konsertlar, xalq o`yinlari, ijodiy uchrashuvlar hamda turli xildagi tanlovlar tashkil qilindi. Shuningdek, mahalla va maktab kutubxonalariga 15 000 mingdan ziyod badiiy kitoblar tortiq etildi. Xarajatlar to`liq mahalliy byudjet mablag`lari hisobidan qoplandi. Jarayonlarda viloyatning 93 450 nafar aholisi, aksar yoshlar qamrab olindi.
Shu o`rinda alohida qayd etish lozimki, mazkur tadbirlar uchun ajratilgan mablag`larning barchasi manzilli chora-tadbirlar asosida maqsadli sarflangan."